LG smartfonlari savdosining pasayishi kompaniyaning daromad ko‘rishiga xalal bermadi

Fan-texnika 18:25 / 30.07.2016 5095

LG Electronics kompaniyasining daromadi xo‘jalik texnikalari va qimmat televizorlar savdosining ortishi bilan 1/5 qismga o‘sdi. Biroq, Janubiy Koreya kompaniyasi smartfonlar bozorida zarar ko‘rishda davom etmoqda. 

Associated Press agentligining LG moliyaviy hisobotiga asoslangan holda xabar qilishicha, kompaniyaning 2016-yil aprel–iyun oylaridagi daromadi 268,5 mlrd von (238,6 mln dollar)ni tashkil etgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 foizga ko‘p demakdir. Naqd pul tushumi 14 trln von (12,4 mlrd dollar)ga yetgan. Bu borada, o‘tgan yilgi natija deyarli o‘zgarmagan. 

2016-yilning ikkinchi choragida LG kompaniyasining amaliy daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 140 foizga o‘sgan va 584,6 mlrd von (519,6 mln dollar)dan iborat bo‘lgan. Bu esa, so‘nggi ikki yildagi eng yirik natijadir. 

Reuters agentligining e'tirofiga ko‘ra, 7 chorakdan buyon LG kompaniyasining xo‘jalik texnikalari ishlab chiqaruvchi bo‘linmasi eng ko‘p amaliy foydani keltirmoqda. Bu yil ikkinchi chorakdagi daromad rekord ko‘rsatkich: 433,7 mlrd von (385,5 mln dollar)ni tashkil etgan, yillik hisobda 49 foizlik o‘sishga erishilgan. Bunga yuqori toifadagi uy-ro‘zg‘or elektronikasiga talabning oshayotgani asos bo‘lgan. 

LG Electronics kompaniyasining televizorlar ishlab chiqarish shaxobchasi ham rekord darajada foyda ko‘rgan. U 356,7 mlrd von (317,1 mln dollar)ni tashkil etgan. 

Kompaniyaning 5 chorakdan beri zarardan chiqa olmayotgan mobil qurilmalar biznesi aprel–iyun oylarida 153,5 mlrd von (136,5 mln dollar) miqdoridagi daromaddan mahrum bo‘lgan. Bunga LG G5 telefoniga talabning kamligi asos bo‘lmoqda. Ulardan necha dona sotilganiga oydinlik kiritmagan kompaniya, chorak mobaynida jami 13,9 mln dona smartfon qurilmasi yetkazib berilganini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: