Surayyo (ism-shariflar o‘zgartirilgan) may oyining o‘rtalarida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Bo‘z” bozoriga meva va sabzavotlar xarid qilish uchun bordi. U yerda tanishi Eminni ko‘rib qolib, u bilan hol-ahvol so‘rashgach, qizining o‘qishi masalasida gaplashib qolishdi.
Xuddi o‘sha kuni Go‘zalbeka ham xuddi shu bozorga borgandi. Tasodifan Surayyoning gaplarini eshitib qolib, ularning suhbatiga aralashdi:
— Uzr, gaplaringizni eshitib qoldim. Qizingiz qayerda o‘qiydi? Qaysi o‘qishga o‘tkazmoqchisiz?
— O‘zingiz qayerda ishlaysiz? Rostdan ham bizga yordam berolasizmi? — deya ajablandi Surayyo.
— Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi, o‘rta-maxsus kasb-hunar ta'limi markazida ishlayman. Qizingizning o‘qishi masalasida yordam berolaman.
— Qizim Mo‘'tabar Yashnobod tumanidagi “Xotin-qizlar” kollejida o‘qiydi. Biroq uni 2-sonli Yuridik kollejiga o‘tkazmoqchimiz.
— Unday bo‘lsa hech qanday muammo yo‘q. Men sizga, albatta, ko‘maklashaman.
— Turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashay, keyin sizga javobini aytaman, — dedi Surayyo.
Shundan so‘ng ular bir-birlariga telefon raqamlarini berishdi.
Surayyo uyiga borgach bu haqda darhol turmush o‘rtog‘iga gapirib berdi. Ular maslahatlashib ertasi kuni yana “Bo‘z” bozorida Go‘zalbeka bilan uchrashishga kelishdi. Aytilgan vaqtda ular uchrashishdi.
— Qizingiz Mo‘'tabarxonning o‘qishini oliy ta'lim vazirligi hal qiladi. U yerda ishlaydigan tanishlarim ko‘p. Biroq mushuk ham bekorga oftobga chiqmaydi. Shuning uchun ularga xizmat haqiga 500 AQSh dollari berasizlar.
Uning gaplariga Surayyoning turmush o‘rtog‘i ishonmadi. Shuning uchun ular gaplarini qisqa qilib ortlariga qaytishdi. Ammo onaizor nima qilib bo‘lsada tezroq qizining o‘qishini hal qilishni istardi. Shuning uchun u turmush o‘rtog‘iga aytmasdan, o‘zining yig‘ib qo‘ygan pulidan 1.600.000 so‘mini Go‘zalbekaga olib borib berdi. Indiniga u yana tanishlaridan qarz olib, bu firibgar ayolga o‘z qo‘llari bilan 700.000 so‘mni tutqazdi.
Iyun oyining boshlarida Surayyo Olmaliq shahriga qaynsinglisi Gulshananikiga marakaga bordi. Qaynsinglisi uning qizi Mo‘'tabarning o‘qishlari bilan qiziqdi. Surayyo esa podadan oldin chang chiqarib, qizining o‘qishini yaqinda yuridik kollejiga o‘tqizayotganligini, buning uchun bir ayol bilan tanishganligini, pullarini ham berib qo‘yganligini aytib berdi.
— U ayol ishonchli bo‘lsa meni ham tanishtirib qo‘ying. Men ham qizimni yuridik kollejiga o‘qishga kiritmoqchiman, —dedi qaynsinglisi.
Surayyo unga Go‘zalbekaning telefon raqamini yozib berdi.
Mehmonlar ortlariga qaytishgach, ertasi kuniyoq Gulshana Go‘zalbekaga qo‘ng‘iroq qilib, maqsadini aytdi.
”Buning uchun 700 AQSh dollari va qizingizning tug‘ilganlik guvohnomasini nusxasini olib Toshkentga keling, uchrashamiz” dedi Surayyo.
Shundan so‘ng ular kelishilgan kuni “Bo‘z” bozorida uchrashishdi. So‘ralgan dollarlarni Gulshana o‘z qo‘llari bilan Go‘zalbekaga tutqazdi. Keyin xayrlashib, Olmaliqqa qaytdi. Afsuski qizining o‘qishidan hech bir natijda bo‘lmadi. Gulshana xavotirlanib, ayolga tez-tez qo‘ng‘iroq qilib turdi. Gulshana bo‘lsa unga turli xil bahonalarni ro‘kach qilib, ayrim paytlarda telefonini umuman ko‘tarmasdan yuraverdi.
Surayyo ham chuv tushganini anglab yetdi. Shuning uchun u qaynsinglisi bilan birgalikda bu haqda sudga murojaat qilishdi.
Go‘zalbeka ishning bunday tus olishini bilmaganligi uchun biroz dovdirab qoldi. Keyin esa tipirchilab tanish-bilishlaridan qarz olib, jabrlanuvchilarga pullarini qaytardi.
Sud Go‘zalbeka Abdunosirovani 1 yil muddatga Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi tizimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, oylik ish haqidan davlat foydasiga 20 foiz ushlab qolish sharti bilan 2 yilu 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.
Qilmish qidirmish deb shunga aytsalar kerakda.
Xonbibi HIMMAT qizi, jurnalist