Ukraina Rossiyaning 243 kompaniyasi faoliyatini taqiqlab qo‘ydi

Jahon 16:34 / 29.07.2016 7410

Ukraina Rossiyaning 243 kompaniyasiga o‘z hududida tashqi iqtisodiy faoliyat olib borishni taqiqladi. Bu haqida Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) xabarida ma'lum qilindi

Unga ko‘ra, bunday qaror korxonalarning Kiyev nazorati ostida bo‘lmagan Donbass hududlarida joylashgan tijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qilishi tufayli qabul qilingan. 

UXXda ta'kidlanishicha, Rossiya kompaniyalarining aksariyati Ukraina bilan qonun doirasida hamkorlik o‘rnatgan. Ularga nisbatan Petro Poroshenkoning 2015 yildagi farmoniga muvofiq joriy qilingan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanilmagan.

UXX materiallarni iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligiga topshirdi. U yerdagi mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, ukrainalik ishlab chiqaruvchilar Rossiya importini to‘liq qoplashga qodir. 

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qarorini ijroga keltiruvchi "Maxsus iqtisodiy va boshqa cheklov choralarini (sanksiyalarini) qo‘llash haqidagi" prezident farmoni 2015 yilning sentabr oyida kuchga kirdi. Sanktsiyalar ro‘yxatiga 388 nafar jismoniy shaxs kiritilgan, ularning orasidan Rossiya fuqarolari, jumladan, amaldorlar, siyosatchilar, korxona rahbarlari, jurnalistlar, shuningdek Donbassda yashovchi ba'zi kishilar o‘rin olgan. O‘sha paytda sanksiyalar 105 nafar yuridik shaxsga nisbatan qo‘llangan. 

Kiyev va G‘arbning qator mamlakatlari Ukrainaning janubi-sharqidagi mojarolarda Moskvani ayblashadi. Moskva esa dalillarning yo‘qligiga ishora qilib, bu ayblovlarni inkor etadi.  
 

Ko‘proq yangiliklar: