Turkiya oliy harbiy kengashi 99 nafar polkovnikning lavozimini general va admiral darajasiga oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda harbiylar orasidagi manbasiga asoslangan holda Anadolu agentligi xabar tarqatdi.
Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, 47 nafar general iste'foga yuborilgan. Shuningdek, 20 general va admiralning xizmat muddati yana 1 yilga uzaytirilgan.
Bundan oldinroq, Turkiya oliy harbiy kengashining majlisi yakuniga ko‘ra Turkiya Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Xulusi Akar, shuningdek, quruqlik qo‘shinlari, HHK va HDK boshliqlari o‘z lavozimlarini saqlab qolgani xabar qilingandi. Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Qalinning ma'lumotiga ko‘ra, jandarmeriya kuchlarining yangi qo‘mondoni etib general Yashar Guler tayinlangan.
Turkiya oliy harbiy kengashi majlisi mamlakat bosh vaziri Binoli Yildirim raisligida Anqara shahrida o‘tkazilgan. Uning qarori mamlakat prezidenti tomonidan tasdiqlangan.
Hukumat qaroriga ko‘ra, Turkiyadagi isyondan keyin shu vaqtgacha mamlakat armiyasining 1684 nafar zobiti lavozimidan bo‘shatilgan. Shundan 149 nafari general va admiral, 1099 nafari o‘rta bo‘g‘in zobitlaridir.