Turkiya hukumati Qozog‘iston tomonidan mamlakat hududidagi Fathulloh Gulenga aloqador maktablar borasida aniq qaror qabul qilinishini kutmoqda. Bu haqda Turkiyaning Qozog‘istondagi elchisi Nevzat Uyanik ma'lum qildi.
"Bu davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin biz qozog‘istonliklar tomoni zudlik bilan bu isyon tashkilotchisi bo‘lgan Fathulloh Gulen ta'siridagi tashkilotlarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rishini kutamiz", degan u.
"Biz o‘z mamlakatimizdagi tahdidni ko‘rdik va o‘zimizga do‘st mamlakatlarni bunday tahdiddan ogoh etish - burchimizdir", deya qayd etgan elchi.
Elchining fikricha, ayni vaqtda Qozog‘istonda Turkiya bilan bog‘liq bir qator ta'lim muassasalari mavjud. Jumladan, Turkistondagi Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti rasmiy Anqaraning qo‘llab-quvvatlovi bilan faoliyat ko‘rsatmoqda. U Qozog‘istondagi shu universitetdan boshqa ta'lim muassasalari, jumladan "qozoq-turk litseylari" hamda "qozoq-turk maktablari" "Turkiya davlat organlari bilan aloqador emasligi"ni ma'lum qilgan.
Bundan oldinroq, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li radiodagi chiqishi orqali Qirg‘iziston hukumatining Gulen va uning tarafdorlariga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishi kerakligini, aks holda "Turkiya va Qirg‘iziston munosabatlari o‘zgarishi mumkinligi" haqida aytgandi.
Shundan keyin Qirg‘iziston tomoni Turkiyani tahdid qilishda aybladi. Turkiya esa Qirg‘izistonning xalqaro tashkilotlarga, jumladan BMTga a'zolik badalini to‘lashni to‘xtatdi.
Turkiya Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishiga urinish yuz berishi ehtimolidan ogohlantirdi