Turkiyada amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinishga aloqadorlikda ayblanayotgan turk muxolifati yetakchisi Fathulloh Gulen, 1999 yildan beri istiqomat qilib kelayotgan AQShdan ekstraditsiya qilinishi uni xavotirga solmasligini bildirdi. Bu haqda u, Italiyaning Corriere della Sera gazetasiga bergan intervyusida aytgan.
"Shu paytgacha, Amerika hukumati Turkiya tomonidan rasmiy so‘rov olganini tasdiqlagani yo‘q. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar huquqiy davlatlar rioya qiladigan siyosiy jarayonlarga amal qilishini ta'kidlamoqda. Men qo‘rqmayman va Amerika hukumati bilan hamkorlik qilaman", - degan Gulen.
Bundan tashqari, u yana bir marta harbiy isyonga aloqasi borligini rad etgan.
"Agar mening mehnatim samaralarini o‘qiyotgan va mening ma'ruzalarimni tinglayotganlar davlat to‘ntarishini sodir etish to‘xtamiga kelgan bo‘lsa, ular men targ‘ib qilayotgan qadriyatlarga xoinlik qilishibdi", - degan Gulen.
Uning ishonch bildirishicha, Yevropa Turkiyada demokratik islohotlarni davom ettirishga yordam bera olgan bo‘lur edi.