Janubiy Koreya Respublikasi KXDR hukumatini 10 mlndan ortiq janubiy koreyaliklarning shaxsiy ma'lumotlarini o‘g‘irlashda ayblamoqda, deya xabar qilgan The South China Morning Post.
Seul ma'muriyatining uqdirishicha, mamlakatdagi yirik onlayn auksionlardan biri — Interpark serverlari xakerlik hujumi nishoni bo‘lgan. Ma'lumotlarni o‘g‘irlagan g‘arazgo‘y xaker, to‘lov talab qilib maktub yo‘llagan va mablag‘ni bitkoinlarda o‘tkazishni so‘ragan. Maktubda shimoliy koreys tili lahjasiga oid so‘z va iboralar bo‘lgan.
Kimoshdi savdo kompaniyasi tovon puli to‘lashni rad etib, politsiya hamda maxsus xizmatlarga murojaat qilishga qaror qilgan. Olib borilgan surishtiruv ishlari yakunlariga ko‘ra, buzg‘unchilar avvalgi kiberhujumlarda shimoliy koreyalik xakerlar qo‘llagan IP-manzillar va kodlardan foydalangani aniqlangan.
Umumiy hisobda, Koreya maxsus xizmatiga ko‘ra, so‘nggi oylarda KXDRlik xakerlar 160ta kompaniya va hukumat idoralaridagi 140 mingdan ortiq kompyuterni ishdan chiqargan. Rasmiy Pxenyan bu ayblovlarni rad etmoqda.