O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusiga ko‘ra parlament eshituvi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarining ish samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlari bajarilishining borishi to‘g‘risida axborot berdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Parlament eshituvida deputatlar “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida bu borada belgilangan chora-tadbirlar ijrosi, sohadagi ayrim kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslarni muhokama qildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar sohadagi yutuqlarni e'tirof etgan holda, mamlakatimizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, ayniqsa, olis qishloqlarda malakali tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishini kengaytirish uchun sohaga xususiy sektorni jalb qilish lozimligini ta'kidladi. Davlat dasturida tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash, jihozlash hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi ustidan monitoring olib borish va nazoratni kuchaytirish masalasiga e'tibor qaratdi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari tomonidan tibbiyot muassasalarini salohiyatli kadrlar bilan to‘ldirish, xususan, tibbiyot birlashmalarini tor doiradagi mutaxassislar, olis hududlardagi qishloq vrachlik punktlarini umumiy amaliyot shifokorlari bilan to‘la ta'minlash, umumta'lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari hamda nodavlat ta'lim muassasalarini belgilangan tartibda tibbiyot xodimlari bilan ta'minlash masalasiga e'tiborni kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi.
“Adolat” SDP saylovoldi dasturida aholining keng qatlamlariga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish va sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishda o‘z ishtirokini yanada kuchaytirish, shu bilan birga, barcha sohalar kabi sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunchilik hujjatlarining o‘z vaqtida qabul qilinishi va amalga oshirish tarafdori ekanligi belgilangan. Shundan kelib chiqib, fraksiya a'zolari Davlat dasturining “Oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom bolani tarbiyalashda ularning rolini oshirish, kuchli, barqaror va ravnaq topayotgan davlatning negizi sifatida oila institutini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish” bo‘limida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi lozimligini qayd etdi.
Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari asosiy e'tiborni Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosida davolash-profilaktika muassasalari hamda qishloq vrachlik punktlarining dori-darmon va davolash vositalari bilan ta'minlanish holatiga, qishloq joylarda ijtimoiy infratuzilma tarmoqlarini barpo etish, aholiga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada yuksaltirishga, bu borada qo‘shimcha choralar ko‘rilishi lozimligiga qaratdi.
O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar tomonidan geni modifikatsiyalangan mahsulotlarning mamlakatimizga chetdan kirib kelishining oldini olish, aholi o‘rtasida ijtimoiy, yuqumli va xavfli o‘sma kasalliklarining oldini olish, ularni erta aniqlash va davolash sohasini takomillashtirish, sohadagi mavjud muammolarni hal etishning huquqiy asosini yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Muhokama etilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.