Og‘ir atletika bo‘yicha Rossiya terma jamoasi Olimpiadada ishtirok etishdan chetlatildi, deb ma'lum qildi Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi o‘z saytida.
Olimpiadada hammasi bo‘lib 8 nafar rossiyalik og‘ir atletikachi ishtirok etishi kerak edi. Olimpiadada rossiyalik ayol og‘ir atletikachilarga tegishli bo‘lgan o‘rinlarni Albaniya, Gruziya va Moldaviya vakillari oladi. Erkaklar terma jamoasi uchun ajratilgan o‘rinlar esa Belgiya, Xorvatiya, Salvador, Mo‘g‘iliston va Serbiya vakillari orasida taqsimlanadi.
IWF Richard Maklaren boshchiligidagi WADA komissiyasi hisobotini o‘rganib va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining qarori hamda 2008 va 2012 yilgi Olimpiadalardagi doping-sinovlarni qayta tekshirish haqidagi ma'lumotlarni e'tiborga olgan. Natijada Rossiya terma jamoasini Riodagi Olimpiadaga qo‘ymaslikka qaror qilingan.
IWF rossiyaliklar uchun qayta tekshirilgan kamida 7 ta doping-sinov ijobiy natija bergani va bu raqam yakuniy emasligini ma'lum qildi.
"Og‘ir atletikaning sport turi sifatidagi yaxlitligi Rossiya vakillari tomonidan turli darajalarda va ko‘p marotaba buzilgan. Shuning uchun bu sport turini himoya qilish uchun tegishli sanksiyalar qo‘llashga qaror qilindi", deyilmoqda IWF saytida.