Yaqinda xorij telekanallaridan biri orqali axborot dasturini tomosha qilayotgan edim, kichik qizim, “Dada, qarang, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘rsatishayapti”, dedi. Xaqiqatan, ham qandaydir anjuman munosabati bilan Nyu-Yorkdagi BMT qarorgohi ko‘rsatilayotgan edi. Shunda tenglar ichra teng O‘zbekkistonning bayrog‘i yaqqol ko‘zga tashlandi. Birinchidan, o‘quvchi qizimning mamlakatimiz bayrog‘iga bo‘lgan ehtiromi, ikkinchidan mustaqil yurtimizning bayrog‘i yuksak qarorgohda hilpirab turishi ko‘nglimni tog‘dek ko‘tarib, “kecha kim edigu, bugun kim bo‘ldik”, degan savolni o‘z-o‘zimga berib, qalbimda o‘zgacha g‘urur va iftixor jo‘sh urdi.
Kim edigu, kim bo‘ldik?
Xaqiqatan ham, 25 yil avval kim edik? Qizil imperiya matbuotida, televideniyesida xalqimiz muntazam ravishda tahqirlanayotgan, kamsitilayotgan, boqimanda tamg‘asi yopishtirilayotgan davrlar yodimizdan ko‘tarilgani yo‘q. O‘shanda “mustaqil bo‘lsang, uzoqqa bormaysan, o‘z kuningni o‘zing ko‘rolmaysan”, deyilmaganmidi? Mana, mustaqil bo‘lganimizga 25 yil bo‘ldi. Mustaqilligimizning har bir yili Vatanimiz solnomasiga yorqin sahifa bo‘lib kirdi. O‘tgan yillar davomida xalqimiz mustaqillikning naqadar aziz ne'mat ekanini anglab yetdi va istiqlolni ko‘z qorachig‘idek asrash zarurligini chuqurroq his etdi.
Jonajon O‘zbekistonning bugungi jamolini o‘tmishiga qiyoslab bo‘lmaydi. Istiqlol yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti jadal rivojlanib, xalqimiz turmush farovonligi yuksaldi. Bularni avvallari tassavvur qilishning imkoni xam yo‘q edi. Eng asosiysi, mustaqillik yillarida xalqimiz dunyoqarashi, ongu tafakkuri o‘zgardi. Tevarak-atrofga, mehnatga, hayotga boshqacha munosabatda bo‘la boshladik.
Bu kunlarga yetganlar bor...
Birgina misol, avvallari Hindiston poytaxti Dexliga bormoqchi bo‘lsak, avval Moskvaga borib, u yerdan samolyotda yana Toshkentga kelib, so‘ng Dehliga uchilardi. Endilikda “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi samolyotlari dunyoning barcha yirik shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvoz qilmoqda. Avikakompaniya parki zamonaviy samolyotlar bilan to‘ldirilgan va bu jarayon davom etmoqda. Iqtisodiyotning qon tomiri bo‘lmish temir yo‘l tizimida xam asrlarga tatiguylik ishlar qilindi. Istiqlol yillarida Qamchiq dovonida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Dovon oshib o‘tadigan avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilindi, umumiy uzunligi 1,5 kilometr bo‘lgan ikkita tunnel qurildi. Dovondan o‘tishda ham vaqt, ham xavfsizlik nuqtai nazaridan katta imkoniyatlar yaratildi. Oraldan ko‘p o‘tmay Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan avtomobil yo‘li yonidan temir yo‘l qurish rejalashtirildi. Buning uchun uzoq masofali, ya'ni 19,2 kilometrlik tunnel barpo etish taqoza etilardi. 2016 yilning 22 iyuni mamlakatimiz, qolaversa, butun mintaqamiz tarixida o‘chmas, tom ma'nodagi tarixiy kun sifatida manguga muhrlandi. Shu kuni 123,1 kilometrlik Angren-Pop temir yo‘li va uning tarkibidagi 19,2 kilometrlik tunnel qurilishi nihoyasiga yetib, ishga tushirildi. Xalqimizning fidokorona mehnati ulkan bunyodkorlik salohiyatining amaliy namoyishi bo‘lmoqda. Zamonaviy uylarda istiqomat qilayotgan xalqimiz vakillarining o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni boshqarayotgani xam ko‘ngillarimizni tog‘dek ko‘tarmoqda.
Xalqimiz o‘zining qadrini bildi. Al Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Al Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk zotlarning, Amir Temur singari buyuk davlat arboblarining avlodi ekanimizni, tarixda hech kimdan kam bo‘lmaganimizni va kelajakda ham kam bo‘lmasligimizni to‘la anglab yetdik. Shu o‘rinda, xorij diplomatlaridan birining “O‘zbekiston – poytaxt shaharlar mamlakati”, degan so‘zlarida jon bordek. Diplomatning aytishicha, tarixda bizning xalqchalik hech bir xalq buyuk davlatlar tuzmagan ekan. Mamlakatimizning barcha yirik shaharlari qadimda u yoki bu mamlakatning poytaxti bo‘lganini eslab o‘tishning o‘zi kifoya. Shu o‘rinda O‘zbekiston davlat madhiyasidagi “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon, olamni mahliyo aylagan diyor”, degan satrlar bir-bir xayolimizdan o‘tadi.
“Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!”
Erkin va farovon hayotimiz g‘urur-iftixorimiz timsoliga aylandi. Bularning barchasi istiqlol sharofati, Prezidentimiz yuritayotgan oqilona siyosat samarasidir. Tinchlik barqaror bo‘lgan joyda taraqqiyot bo‘ladi. Xalqimiz erishayotgan bunday yutuqlar, hayotimizdagi yuksalish, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik mevasidir. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, O‘zbekistonimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lida qanday ulkan, boshqalarning havasini tortadigan yutuq va marralarga erishgan bo‘lsa, bularning barchasining negizi – yurtimizda tinch va osuda hayotni, millatlar va fuqarolararo totuvlikni, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni asrab-avaylab kelayotganimizdadir.
Shularni o‘ylar ekanman, “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan so‘zlarni qo‘rqmasdan, bemalol aytadigan kunlar kelganiga shukronalar aytamiz.
Sharofiddin To‘laganov