Jahon yengil atletika federatsiyasi (IAAF) langarcho‘p bilan balandlikka sakrash bo‘yicha 2 karra Olimpiya chempioni, rossiyalik Yelena Isinbayevaga Riodagi Olimpiada ishtirok etishni batamom rad etdi.
"Mo‘'jiza yuz bermadi", deb yozdi Yelena bunga izoh berib instagramida. Bundan avvalroq u "yana 24 soat umid borligini" aytgandi.
"Hurmatli do‘stlar va OAV, go‘yoki men IAAFga Riodagi Olimpiadada ishtirok etish haqida ariza bermaganim to‘g‘risidagi axborot yolg‘ondir. 20 daqiqa avval men IAAF kotibidan rad javobini oldim. Afsuski, menga istisno tariqasida ruxsat berilmadi. Meni Riodaga Olimpiadaga qo‘yishmadi. Mo‘'jiza yuz bermadi. BARChANGIZGA QO‘LLAB-QUVVATLOV UChUN KATTA RAHMAT! Rioda ishtirok etish taqdir emas ekan!", deb yozdi Isinbayeva.
Bu orada Rossiya terma jamoasi Rio-de-Janeyroga yetib keldi. Sportchilar samolyoti 28 iyulda Sheremetevo aeroportidan parvoz qilgandi.
O‘tgan haftada Rossiya Olimpiya qo‘mitasi Olimpiadaga boradigan 387 nafar sportchidan iborat ro‘yxatni tasdiqlagandi. Ularning orasida 68 nafari yengil atletikachilar bo‘lgan. Biroq ulardan faqatgina uzunlikka sakrash bo‘yicha yengil atletikachi Darya Klishina Olimpiadaga qo‘yildi. Sportchi oxirgi yillarda AQShda mashg‘ulot o‘tkazib keladi. Hammasi bo‘lib 109 nafar rossiyalik sportchi Olimpiadadan chetlashtirildi. Ular orasida 27 nafar eshkakchi, 7 nafar suzuvchi, yelkanli sport va beshkurash vakillari bor.