Z avgust kuni AQSh poytaxti Vashington shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlarining Tashqi ishlar vazirlari ishtirokida «S5+1» formatidagi yig‘ilish o‘tkaziladi. Bu haqda AQSh davlat kotibining Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Deniyel Rozenblyum konferents-koll vaqtida ma'lum qildi.
4-6 aprel kunlari Markaziy Osiyo davlatlari vakillari va AQSh vakili Investitsiyalar va savdo kengashi doirasida (TIFA) uchrashgan, shuningdek, «S5+1» formati bilan bog‘liq iqtisodiy hamda hududiy masalalar bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazilgandi.
Ishchi guruh aniq loyihalar bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgandi va AQShda yoz fasli davomida keyingi uchrashuv o‘tkazilishi belgilangandi.
2015 yilning 1 noyabr kuni Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida Markaziy Osiyoning besh mamlakati va Amerika Qo‘shma Shtatlari tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.
Majlisda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida fikr almashilib, xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar muhokama etilgandi.
Uchrashuv yakunida Markaziy Osiyoning besh mamlakati va AQSh o‘rtasida Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilingandi. Tadbir ishtirokchilari olti davlat tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida umum manfaatdor masalalar yuzasidan muntazam siyosiy muloqot o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning yangi formati – «S5+1»ni tashkil etishni ma'qullagandi.