Turkiyadagi isyon tashkilotchiligida ayblanayotgan Fathulloh Gulen tarafdorlari tomonidan Qirg‘izistonda ham davlat to‘ntarishiga urinish amalga oshirilishi mumkin. Bu haqda Turkiya TIV rahbari Mavlud Chovusho‘g‘lining CNN Turk efiri orqali aytgan so‘zlariga asoslanib, RIA Novosti agentligi xabar tarqatdi.
"Agar Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishi yuz bersa, buni Gulenning tarafdorlari amalga oshirgan bo‘ladi. Ular Qirg‘iziston uchun eng katta xavf", degan u telekanalga bergan intervyusida.
Bundan oldinroq, Turkiyaning Bishkekdagi elchisi Metin Qilich Chovusho‘g‘lining "Gulen tarafdorlari haqidagi ogohlantiruvi" Qirg‘iziston tomonidan noto‘g‘ri tushunilgani" haqida ma'lum qilgandi.
"Aynan Turkiya Qirg‘iziston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgandi. Aynan Turkiya Qirg‘izistonning BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar uchun a'zolik badallarini to‘lab keladi", deya qayd etgandi diplomat.
knews.kg sayti xabariga ko‘ra, 25 iyul kuni Chovusho‘g‘li o‘zining qirg‘izistonlik hamkasbi bilan aloqaga chiqib, mamlakatdagi Gulen tarafdorlariga munosabatni o‘zgartirish, unga aloqador maktablarni yopishni talab qilgan. U aks holda «Turkiyaning Bishkekka munosabati o‘zgarishi mumkinligi»dan ogohlantirgan.
Turkiyada 15 iyul kuni kechqurun harbiylar hokimiyatni egallab olmoqchi bo‘ldi va Anqara ko‘chalariga harbiy texnikalar olib kirildi. Ammo armiyaning va xalqning asosiy qismi Erdo‘g‘an hukumati tarafdorlari bo‘lib chiqishdi va isyon bostirildi.
Rasmiy Anqara bu isyonda Gulenni tashkilotchi sifatida atadi va AQShdan uni topshirishni talab qildi.
Keyingi kunlar davomida Turkiyada Gulenga aloqador 2 mingga yaqin xususiy maktab yopildi, unga aloqadorligi gumon qilingan 15 mingdan ortiq kishi qo‘lga olindi va 80 mingga yaqin kishi ishdan bo‘shatildi.