Mutaxassislar Moskvada 4 yoshli qizchani o‘ldirgan o‘zbekistonlik enaga Gulchehra Boboqulovani aqli noraso deb tan olishdi. Bu haqda jurnalistlarga suddagi tarjimon Ahmad Ahmadov ma'lum qildi.
Moskvaning Presnensk sudi Boboqulovaning hibsga olinishini 29 avgustgacha uzaytirdi.
TASS axborot agentligining suddagi muxbirining ma'lum qilishicha, sud yig‘ilishida Boboqulova yig‘lab yuborgan va uni davolanishga vatani – Samarqandga yuborishni so‘ragan.
Moskvalik oilaning uyida enaga bo‘lib ishlagan Boboqulova yosh bolani vahshiy o‘ldirishda gumon qilinib hibsga olingandi. Unga "Yosh bolaning qotilligi" moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
4 yoshli qizchaning jasadi 29 fevralda o‘z uyida yong‘in o‘chirilgandan keyin topilgan. Tergovchilarning o‘rnatishicha, enaga qizchaning ota-onasi va akasi ketishini poylab, qizchani o‘ldirgan, so‘ngra uyga o‘t qo‘yib, voqea joyidan ketgan. Politsiyachilar Boboqulovani o‘sha kuni metro stansiyalaridan biri oldida qo‘lga olishgan.