AQSh davlat kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisining o‘rinbosari Deniyel Rozenblyum an'anaga binoan Markaziy Osiyo mamlakatlari jurnalistlari bilan 28 iyul kuni radiomuloqot o‘tkazdi. Muloqotda Tojikistondan tashqari mintaqadagi barcha mamlakatlar - O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmanistonda faoliyat yurituvchi bir guruh jurnalistlar ishtirok etdi.
Avvaliga Deniyel Rozenblyum kelasi haftaning chorshanba kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan S5+1 (Markaziy Osiyodagi beshta davlat - O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va AQSh tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari) formatining navbatdagi uchrashuvi haqida qisqacha ma'lumot berib o‘tdi. Ma'lumki, bu format o‘tgan yilning noyabr oyida Samarqandda tashkil etilgan edi. O‘zbekistonda boshlangan ilk muloqot endilikda AQShda davom etadigan bo‘ldi. Vashington uchrashuvida mintaqadagi barcha mamlakatlarning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etishlarini tasdiqlagan. Deniyel Rozenblyumning so‘zlariga qaraganda Vashgingtonda Samarqanddagi tarixiy uchrashuvning davomi o‘tkaziladi. S5+1 diplomatlar muloqoti bo‘lib, unda muhim masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashiniladi. S5+1 keng qamrovli muloqotlar forumidir. Asosan uchta masala - iqtisodiy, atrof-muhit muhofazasi va xavfsizlik masalalari ko‘rib chiqiladi. To‘rtinchi masala mintaqa davlatlaridagi inson o‘lchovi bilan bog‘liq masala bo‘lishi aytilmoqda.
Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, bu guruh bahor oylarida Bishkek va Olmaotada yig‘ilish o‘tkazdi. Bir qator loyihalar ishlab chiqilib, tashqi ishlar vazirlarining hukmiga havola etiladi. AQSh diplomatining so‘zlariga qaraganda Vashington uchrashuvi tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Tashqi ishlar vazirlarining tadbirkorlar, ishbilarmonlar bilan uchrashuvi ham rejalashtirilgan.
O‘z ma'ruzasini tugatar ekan, Deniyel Rozenblyum o‘z mustaqilligining 25 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan mamlakat vakillarini chin qalbdan tabrikladi. Shundan so‘ng savol-javoblarga o‘tildi.
Qirg‘izistonlik jurnalistlar huquq himoyachisi Azimjon Asqarov taqdiri va AQSh-Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik hamkorlik istiqbollari bilan qiziqishdi. Qozog‘istonlik jurnalistlar esa S5+1 anjumanida so‘z erkinligi va inson huquqlari muhokama qilinadimi, deb so‘rashdi. Shuningdek, terrorizmga qarshi kurashda AQSh Qozog‘istonga qanday yordam berishi bilan ham qiziqishdi.
Turkmanistonlik jurnalistlar TAPI - Turkmaniston, Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonni bog‘lovchi gaz quvuri taqdiri borasida savol berishdi.
O‘zbekistonlik jurnalistlarni odam savdosiga qarshi kurashda O‘zbekiston olib borayotgan kurash va nima uchun S5+1 formati uchun aynan Samarqand tanlangani bilan qiziqishdi. Deniyel Rozenblyum mintaqadagi barcha davlatlarning xohish-istagi va roziligi bilan ilk anjuman Samarqandda o‘tkazilganini ta'kidlab o‘tdi. Uning aytishicha Samarqand qadimiy shahar bo‘lib, Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan. Bu katta ramziy ahamiyatga ega. Anjuman ishtirokchilari Registonni borib ko‘rishdi.
Jurnalistlardan biri bu yil AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishini, saylovlardan keyin yangi ma'muriyat S5+1 formatiga qiziqishini susaytirishi mumkinmi, degan savolni o‘rtaga tashladi. Bu savolga javob bergan Deniyel Rozenblyum o‘zi professional diplomat ekanini eslatib o‘tdi va Bill Klintonning Jorj Bushga, Jorj Bushning Barak Obamaga vakolatlarni topshirish jarayonlarida ishtirok etganini, Oq uy tashqi siyosatida deyarli o‘zgarish bo‘lmasligini aytar ekan, yangi ma'muriyat S5+1 formatini saqlab qolishiga umid bildirdi.
Sharofiddin To‘laganov