Xalq banki: Aholi va tadbirkorlar manfaati uchun qayg‘uradi

Iqtisodiyot 08:44 / 28.07.2016 23791

O‘tayotgan har bir kun bizni eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – istiqlolning 25 yillik tantanalariga tobora yaqinlashtirmoqda. Ana shunday shukronalik damlarida har bir kishi o‘z o‘tmishini, kecha va bugunini taqqoslashga, yutuq va kamchiliklarini tahlil qilishga harakat qiladi. Zero, Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda tarixan qisqa davrda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, iqtisodiyotimizni tarkibiy o‘zgartirish va rivojlangan davlatlar qatoridan munosib joy olishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida ulkan ishlar qilindiki, natijada “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomi ostidagi ko‘plab milliy mahsulotlarimiz dunyo yuzini ko‘rdi. Bunda, albatta, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan moliya muassasalarining o‘rni beqiyos.

Mustaqillik yillarida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda sohada tizimli islohotlar ro‘yobga chiqarilishi, bu jarayonda tegishli Farmon va qarorlar talablari hayotga izchil tatbiq qilinishi samarasi o‘laroq, yurtimiz banklari qatorida Xalq banki ham muntazam ravishda “Standard & Roor’s” xalqaro reyting agentligining ijobiy bahosiga sazovor bo‘lmoqda.

Xalq banki ham ana shunday e'tiroflarga hamohang ravishda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga moliyaviy ko‘mak berish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mamlakatimizning ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish borasida ko‘plab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 

Kichik biznes — katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda

Bugungi kunda bozor iqtisodiyotining muhim talabi – kam mehnat sarflagan holda, ko‘proq va sifatli mahsulot ishlab chiqarish, kishilarning talab va ehtiyojlarini to‘la qondirish va shu asosda foyda olishdan iborat. Bu borada ishlab chiqarish jarayonidagi asosiy harakatlantiruvchi kuch —  tadbirkorlardir. 

Xalq banki tomonidan joriy yilning I yarim yilligida kichik biznes vakillarining 4 492 ta loyihalariga 637,7 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 147,8 mlrd. so‘mga oshib, 130,2 foizga o‘sganidan dalolat beradi. Natijada mazkur sohada 4 125 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Aytish joizki, yurtimizda ko‘plab tadbirkorlik turlarini olib borish imkoniyati mavjud va buni bankdan olinayotgan kreditlar misolida ham ko‘rish mumkin. Avvallari bankdan pul olib, biror loyihani amalga oshirish uchun ko‘p vaqt va to‘siqlardan o‘tishga to‘g‘ri kelardi. Bugun esa kredit olishning tartib-qoidalari soddalashtirilib, bu yo‘ldagi g‘ovlarga qonuniy yo‘l bilan barham berildi.

Bir so‘z bilan aytganda, joriy yilning I yarim yilligi davomida korxona va tashkilotlarga kreditlar ajratish va tashkiliy ko‘maklashish orqali 17 228  ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 

Xotin-qizlar har jabhada faol

Mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning oila va jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom oilani shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Xalq banki tomonidan ham xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, bank xizmatlaridan keng foydalanish, ularning kredit olishlari va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishlari uchun qator samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

2016 yilning yanvar-iyul oylarida xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlanti¬rish maqsadida bank tomonidan 1 416 nafar tadbirkor ayolga 79,2 mlrd. so‘m miqdorida kreditlar ajratilgani ham yuqoridagi fikrlarning yorqin ifodasidir. Ushbu kreditlar hisobiga 886 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgani yanada quvonarli hol.

Kollej bitiruvchisi — bo‘lajak tadbirkor

Prezidentimiz rahnamoligida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida kadrlar tayyorlash sifati va samaradorligini yanada oshirish, kollej bitiruvchilari bandligini ta'minlashga qaratilayotgan alohida e'tibor yuksak samaralar bermoqda. 
Davlatimiz rahbarining 2010 yil 28 iyuldagi “Ta'lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. 

Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida bank tomonidan kasb-hunar kollejlarining 832 nafar bitiruvchilariga 19,7 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratildi. Buning natijasida 900 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shuni unutmasligimiz kerakki, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor bir nechta ish o‘rni yaratadi. Bu esa qanchadan qancha oilalarning dasturxoniga to‘kinchilik, qut-baraka olib kirish bilan barobar.

Iste'mol kreditlari — aholi ehtiyojlari uchun

Aytish joizki, kundalik turmushimizda foydalaniladigan maishiy texnika vositalari, turli xil mebellarga har bir oila ehtiyoj sezadi. Bunday texnika va jihozlarni sotib olish uchun yillab mablag‘ jamg‘arish o‘rniga tijorat banklarining iste'mol kreditlari ko‘magidan foydalanish har tomonlama qulay. Xalq banki ham o‘z mijozlari manfaatini ko‘zlab, joriy yilning hisobot sanasida 7 280 nafar fuqarolarga 40,2 mlrd. so‘m iste'mol kreditlari ajratdi. 

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, iste'mol kreditlari — jismoniy shaxslarga respublikamizda ishlab chiqarilgan va kundalik ehtiyojlarni qondirishga mo‘ljallangan mahsulot va xizmatlarni sotib olish uchun beriladi. Iste'mol krediti doimiy yashash joyiga ega, o‘z faoliyati natijasida doimiy daromad oladigan, balog‘at yoshiga yetgan, ishga yaroqli jismoniy shaxslarga taqdim etiladi.

Xulosa qilib aytganda, Xalq banki filiallari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning aksariyati kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan. Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarimizning farovon hayot kechirishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Bank axborot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: