Belarusning Brest viloyatida yashovchi, Vladislav ismli ishsiz Onliner portaliga bandlik xizmatida hisobda turganlar uchun mo‘ljallangan jamoatchilik ishlari haqida gapirib berdi va bu faoliyat davomida olingan videoni namoyish qildi.
Vladislav bir yildan ko‘proq ishsizlar hisobida turadi va har oy bir kun haq to‘lanuvchi jamoatchilik ishlarida ishlab berishi kerak. Oxirgi marta uni ko‘chatlarni o‘tkazishga yordamlashish uchun qo‘shni kolxozga yuborishdi. U yerda Vladislav va yana 10 nafar ishsizga antiqa ish taklif qilindi.
"Bizning yonimizga xo‘jalikdagi qandaydir rahbar erkak kelib, issiqxonaga olib bordi. Ish kulguli eshitilsa-da, foydali ekanini, ya'ni tuproqni zichlash kerakligini aytdi. Hammamiz biror bir zichlagich yoki shunga o‘xshash buyum beriladi va zichlaymiz deb o‘yladik va issiqhonaga kirmadik. Erkak esa ichkariga kiringlar va tuproqni oyog‘ingiz bilan toptang deb aytdi. Hamma bir-biriga qarab, kulib qo‘ydi. Bu nimaga kerak ekan, deb o‘yladim. Shunda erkak "Men jiddiy gapiryapman, ishlamoqchi bo‘lganlar kirsin, kim istamasa majburlamayman", deb aytdi. Barcha 11 kishi issiqxonaga kirib, videoda ko‘rganingizni qila boshladi", deb voqeani aytib berdi Vladislav.
11 kishi ikkita issiqxonadagi yerni soat 9 dan 14 gacha toptagan. Shundan keyin ular uylariga yetkazib qo‘yilganlar.