Rossiya Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Aleksandr Jukov xalqaro sport federatsiyalari Braziliyadagi Olimpiadaga 250 dan ko‘proq rossiyalik sportchining qatnashishini ma'qullashganini ma'lum qildi. Jukovning aytishicha, Rioga boradigan Rossiya terma jamoasining yakuniy tarkibi 30 iyulgacha aniq bo‘ladi.
Rossiya terma jamoasi sportchilarning Olimpiadaga qo‘yilishini rasmiylashtirish bosqichida yo‘qotishlarga uchrashi davom etmoqda. Jumladan, bu eshkak eshish, zamonaviy beshkurash, voleybol, kurash, og‘ir atletika sport turlarida yuz berdi. Akademik eshkakchilar deyarli to‘liq tarkibda chetlatildilar. Rioga dzyudo, merganlik, ot sporti, badminton, eshkakli slalom bo‘yicha jamoalar to‘liq tarkibda qo‘yildi.