Rossiyaning Novosibirsk viloyati veterinar va fitosanitar nazorat qilish xizmati boshqarmasi 18 tonna mevani O‘zbekistonga qaytarib yubordi. Bu haqda Rossiyaning veterinar va sanitar nazorat bo‘yicha Federal xizmati ("Rosselxoznadzor")ning viloyat bo‘yicha boshqarmasi saytida xabar qilingan.
Mevalarning 9,075 tonnasi shaftoli va 9,214 tonnasi nektarindan iborat bo‘lib, Rossiyaga avtomobil transporti orqali yetkazilgan edi. Nazoratchilar shaftolida mevaxo‘rlarni (meva qurti) aniqlashgan.
Sharq mevaxo‘ri ichki karantin obekti hisoblanib, olma, nok va behi daraxtlarining mevalariga xuddi olma qurti kabi zarar yetkazadi. Hasharot danakli mevalardan shaftoli, gilos, olxo‘ri, o‘rikka ham jiddiy zarar yetkazishi aniqlangan. U asosan novda va mevani zararlaydi. Yangi o‘sgan novda uchidan kirib o‘rtasini kemiradi. Meva ichiga kirib danak atrofini yeydi va yetilib, meva ichidan chiqadi hamda g‘umbakka aylanadi.