Nationalgeographic.kz jurnali O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi Orol dengizi “sohillari”da joylashgan aholi punktlarining turmush tarziga doir maqolasini chop etdi.
Barchaga yaxshi ma'lumki, bir paytlar mavj urgan Orol dengizi so‘nggi o‘n yilliklarda bir necha marotaba qisqarib ketdi. U qurib bormoqda. U “o‘lmoqda”. Ayrim mahalliy aholi vakillari suvning chekinishi va dengizning achinarli holatini "oxirzamon" alomati ham deyishadi. Aslida, mintaqada hayot kechirish haqiqatdan ham murakkab.
Endilikda, qachonlardir ushbu yerlarda dengiz bo‘lganini, uning tabiatiga xos hayvonlar haqida Orol o‘lkashunoslik muzeyidagi vositalar orqali xabar topish mumkin.
Ko‘p yillar mobaynida Sirdaryo va Amudaryo suvlari dengizga quyilgan, uning suvlari esa faqatgina bug‘lanish bilangina kamayishi mumkin edi. Shu bilan dengiz suvining me'yori, muvozanati saqlangan.
Bugungi kunda, ahyon-ahyonda tuz kengliklarida paydo bo‘lib qoladigan kema qoldiqlari, qachonlardir bu yerlarda ulkan dengiz bo‘lganiga jonsiz guvoh sifatida qaqqayib turibdi.
Qachonlardir bu mintaqa orqali Ipak yo‘li ham o‘tgan. Daryolar suvi bilan to‘lgan Orol dengizi Xitoy karvonlari o‘tuvchi qishloqlarga hayot baxsh etgan.
Avvallari, bu yerlarda nafaqat qozoq va o‘zbeklar, balki tojiklar va boshqa millat vakillari ham tinch-totuv, osuda hayot kechirganlar. Ular chorvachilik, savdo, baliqchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelishgan.
Olimlarning ta'kidlaricha, dengiz suv sathi ayrim yillar va davrlarda vaqti-vaqti bilan kamayib, ortga chekinib turgan. Biroq, sovet davrida vaziyat tubdan o‘zgardi. O‘zbekistonni yirik paxta dalasiga aylantirish qarori ko‘p o‘tmay o‘zining salbiy jihatlarini namoyon eta boshladi. Katta hududlarga ekilgan paxta dalalarini sug‘orish maqsadida yirik kanallar qazildi, Amudaryo va Sirdaryo suvlari ularni to‘ldirdi. Bu ulkan yutuq deya baholandi. Afsuski, yil sayin dengizga quyilayotgan suv hajmi kamayib borib, asrning eng katta ekologik fojyeasiga olib keldi.
1987 yili Orol dengizi suv sathining keskin kamayishi tufayli, u ikkita yirik suv havzasiga bo‘lindi. Uning shimoliy qismi Qozog‘istonga, janubiy qismi O‘zbekistonga qarashli edi.
Mintaqadagi ekologik vaziyatning tangligi sabab, onkologik kasalliklar soni ham ko‘payib borayapti. Mahalliy aholi orasida nafas olish yo‘llari kasalliklari bilan xastalanish hollari ko‘paygan. Sil kasalligi ham jiddiy muammo tug‘dirmoqda.
Orol dengizi, 1977 yil. Fazodan ko‘rinish.
Orol dengizi, 1987 yil. Fazodan ko‘rinish.
Orol dengizi, 1998 yil. Fazodan ko‘rinish.
Orol dengizi, 2006 yil. Fazodan ko‘rinish.
Orol dengizi, 2010 yil. Fazodan ko‘rinish.