«Napoli» prezidenti Aurelio De Laurentis «Yuventus»ga o‘tib ketgan Gonsalo Higuainni sotqinlikda aybladi.
«Yuventus» Higuain uchun shartnomada ko‘rsatilgan tovon pulini to‘lashga tayyorligini ma'lum qilgach, biz o‘z kelajagimiz borasida yangi reja tuzishni boshlashga majbur bo‘ldik. Biz Higuainning akasi va agentining intervyusidan keyinoq yangi hujumchi qidirishni boshlagandik.
Lekin biz «Napoli»da o‘tkazgan 3 yilidan keyin uni shunday ketadi deb kutmagandik. Kimdir uning harakatida sotqinlik alomatlari bor deb hisoblamasligi mumkin, lekin mening fikrim o‘zgacha. Bu aynan sotqinlik va noshukrlik.
Men bu masalani bahslashuvga aylantirmoqchi emasman. Lekin aytishim kerakki, «Yuventus»dan bunday ish kutmagandim. Ha, uning shartnomasida shunday band bor edi, lekin ular futbolchining tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ham maxfiy ravishda amalga oshirishdi.
Futbol shafqatsiz va bunda his-tuyg‘ularga o‘rin yo‘q», – degan De Laurentis.
Gonsalo Higuain 26 iyul kuni «Yuventus» safiga 90 million yevro evaziga o‘tdi. Bu transfer futbol tarixida Garet Beyl va Krishtianu Ronaldudan keyingi uchinchi eng qimmatbaho transfer bo‘ldi.
Manba: Tribuna.uz