Eridan o‘ch olish maqsadida sun'iy qotillik uyushtirgan ayolning o‘zi bir o‘limdan qoldi

Jamiyat 10:12 / 27.07.2016 14396

Gulnavoz (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ko‘pdan buyon poytaxtda yashashni orzu qilardi. Kunlarning birida bu orzusini amalga oshirdi. Qizi Dilorom bilan birga uzoq viloyatning biridan Toshkentga kelishdi. Ijaraga uy topishdi. Keyin o‘ziga mos ish ham topdi. 

Shunday qilib Gulnavoz poytaxtda yashay boshladi. Bu orada u tanish-bilishlar orttirdi. Tanishlarining orasidan Petrosyanni yoqtirib qoldi va ular norasmiy turmush qurib, birgalikda Mirzo Ulug‘bek tumani Qorasu-4 dahasidagi ko‘p qavatli uylarning birida yashay boshlashdi. Rus millatiga mansub bu yigitning xurmacha qiliqlari keyinroq chiqa boshladi. Buning oqibatida ular tez-tez janjallashadigan bo‘lishdi. Oilaviy kelishmovchiliklar kelib chiqdi.

Gulnavoz ojiza bo‘lganligi uchun turmush o‘rtog‘i Petrosyanga kuchi yetmasdi. Shuning uchun u xo‘jaynini qo‘rqitish va jazolash uchun o‘ziga nisbatan erini qotillik jinoyati sodir qilganlikda ayblamoqchi bo‘lib, sun'iy dalillarni o‘ylab topdi. Yaxshigina reja ham tuzdi.

Rejaga asosan u o‘zi yashab kelayotgan xonadonda bo‘lib, soat taxminan 21:30 larda uyiga tashrif buyurgan tanishi Kamoliddin Mirahmedovga rus tilida xat yozishni taklif qildi va quyidagi xatni bitdi: “Petrosyan! Biz sen aytganday qildik. Ertalabgacha quriydi. Qo‘ng‘iroq qilishning imkoni bo‘lmadi. Pulni topa olmadik. Kelishilgan joyda ko‘rishamiz”, degan mazmunda xat yozdirdi. Shundan so‘ng Kamoliddin uyiga ketdi.

Ertasi kuni kechki 20:30larda ayol o‘zini peshona hamda qornining o‘ng tomoniga lezviya bilan yengil tan jarohati yetkazdi. So‘ngra turmush o‘rtog‘i Petrosyan Arturov nomiga o‘ziga nisbatan qotillik sodir etilganligi haqida yozilgan xat va sochiqni o‘zining og‘ziga skotch bilan o‘radi. O‘n uch yoshli qizi Diloromni majburlab, u yordamida qo‘llarini arqon bilan bog‘lattirib, uyda bo‘lgan turnikka o‘zini osib, joniga qasd qildi.

Qizi Dilorom onasining bu holatini ko‘rib qo‘rqib ketdi va darhol qo‘shnilarni yordamga chaqirdi. Qo‘shnilar uni bo‘ynidagi ipini kesib, zudlik bilan “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilishdi. O‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida Gulnavozning hayoti saqlab qolindi.

Ayol o‘zini jabrdiydadek ko‘rsatib, Mirzo Ulug‘bek tuman IIBga ariza bilan murojaat qildi.

Jinoyat sodir bo‘lgan kuni kechqurun noma'lum bir shaxs eshigi ochiq bo‘lganligi uchun xonadoniga kirib, turmush o‘rtog‘ini so‘raganligini, so‘ngra unga o‘tkir tig‘li jism bilan tan-jarohati yetkazganligini, og‘zini skotch bilan bog‘lab, qasddan o‘ldirish maqsadida turnikka osib ketganligi haqidagi yolg‘on gaplarni IIB xodimlariga yozib berdi.

“Yolg‘onchining guvohi yonida yuradi”, deganlaridek u yolg‘on gapini tasdiqlash uchun qizi Diloromni ham IIBga olib keldi.

Afsuski Gulnavozning bu rejasi ish bermadi. Chunki alohida tergov davomida Dilorom bor haqiqatni oshkor qilib qo‘ydi.

“Yolg‘onchida or bo‘lmas” deganlaridek Gulnavoz rejasining chappasiga ketganligini ko‘rib, darhol sudga ariza bilan murojaat qilib, unga nisbatan jinoyat ishini amnistiya to‘g‘risidagi qarorga muvofiq tugatishini so‘radi.

Sudlanuvchi Gulnavoz Abduhakimovaning unga nisbatan jinoyat ishini amnistiya aktiga asosan tugatish haqidagi arizasi qanoatlantirildi.

Yolg‘onning umri qisqa, deb shunga aytsalar kerak-da. Gulnavoz yolg‘on gapirib, sun'iy qotillik uyushtirib, o‘zi bir o‘limdan qoldi.

Xonbibi HIMMAT qizi

Ko‘proq yangiliklar: