“O‘zeltexsanoat”: Canoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 117 foizga oshdi

Iqtisodiyot 21:32 / 26.07.2016 5031

"O‘zeltexsanoat" aksiyadorlik kompaniyasida kompaniya faoliyatining 2016 yil birinchi yarmi yakunlari va 2016 yilga belgilangan iqtisodiy parametrlarning so‘zsiz bajarilishini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan boshqaruv yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan joriy yilning 15 yanvarida respublika Hukumati majlisida belgilab berilgan 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarining "O‘zeltexsanoat" AK va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan amalga oshirilishi tanqidiy tahlil qilindi.

Majlisda 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturining hayotga tatbiq etilishi natijasida shu yilning birinchi yarmida "O‘zeltexsanoat" AK tizimida iqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sish sur'atlarini saqlash ta'minlangani qayd etildi. Hisobot davrida sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 640,8 mlrd. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 117,9 foiz o‘sishiga erishildi. Shuningdek, tarmoq korxonalari tomonidan 217,4 mlrd. so‘mlik xalq iste'moli tovarlari ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich 118,3 foiz o‘sishga erishilganligini qayd etdi. Jumladan, elektr changyutgichlar ishlab chiqarish 2,7 barobar o‘sdi, 50,8 ming dona kiryuvish mashinalari ishlab chiqarilgani holda 158,9 foizga o‘sishga erishildi.

Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 21,5 foizi eksportga yo‘naltirildi. Kompaniya tizimida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan 36 ta loyiha ijrosi bo‘yicha birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra ishlab chiqarish hajmi 156,3 mlrd. so‘mni tashkil etdi yoki prognoz ko‘rsatkichlari 121,5 foizga bajarildi. Tarmoqda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar rentabelligining o‘sib borishi natijasida xududlarda, ayniqsa, qishloq joylarda qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta'minlanmoqda.

Majlisda 2016 yil birinchi yarmiga belgilangan iqtisodiy parametrlarning so‘zsiz bajarilishini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tanqidiy ko‘rib chiqildi va kompaniya tarkibiga kiruvchi qator korxonalar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Muhokamalar davomida tarmoqda tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish, sanoat ishlab chiqarishini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, shu jumladan, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlashni bosqichma-bosqich ko‘paytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari va turlarini kengaytirish, yangi tashqi bozorlarni aniqlash bo‘yicha ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi va natijadorligini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, mahsulot ishlab chiqarish va ularni eksport qilish borasida belgilangan rejalarni bajara olmayotgan va iqtisodiy qoloq korxonalar faoliyati jiddiy tanqid qilindi va bunday korxonalar faoliyatida mavjud imkoniyat va zaxiralardan unumli foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilindi.

Majlisda korxonalar eksport salohiyatini oshirish, investitsiya va xududiy dasturlarning ijrosini ta'minlash, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat Dasturi va yangi ish o‘rinlari yaratish dasturi ijrosida faol ishtirok etish, tizimga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. 

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: