Mark Tsukerberg Facebook’ning yaqin 10 yillikdagi asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida

Fan-texnika 00:36 / 26.07.2016 7035

Facebook asoschisi va bosh direktori Mark Tsukerberg The Verge nashriga  intervyu berdi. Unda tadbirkor kompaniyaning yaqin 10 yillik rejalari bilan bo‘lishdi. Biz ushbu intervyudan kelib chiqib, sizga mazkur ijtimoiy tarmoqning 2026 yilga qadar nimalar bilan shug‘ullanishiga doir ma'lumotlar bilan tanishtiramiz. 

1. Butun dunyo aholisining internetga ulanishi

Tsukerberg Facebook’ning missiyasini dunyoni kommunikatsiyaga yanada ochiq qilishda ko‘radi. “Ha, biz qachonlardir universitet kampusida o‘tirib ish boshlaganmiz, u paytda biz bunday narsalar haqida o‘ylamas edik. Biroq oradan 10 yil vaqt o‘tdi, tarmoqdan foydalanuvchilar soni 1,5 milliarddan oshdi – endi bizning missiyamiz butun Yer ahlini internet tarmog‘iga ulashdan iborat”.

“Biz katta kompaniyamiz, o‘zimizning resurslarimiz mavjud – oldinda faqat butun dunyo ahlining ijtimoiy tarmoqqa ulanishiga nima halaqit berishini aniqlashgina qoldi”.

Mark Tsukerberg

Tsukerberg internetga kirish imkoniga ega bo‘lmagan mintaqalarda yashovchi kishilar duch kelayotgan 3 asosiy muammoni ma'lum qildi (sayyorada jami 4 milliarddan ortiq kishi tarmoqqa kirish imkoniga ega emas):

1. Infratuzilmaning yo‘qligi. Hattoki telefon bo‘lsa ham, internetga ulana olmaydi. Facebook’ning hisob-kitobiga ko‘ra, taxminan 1,6 milliard kishi shunday muammoga duch kelmoqda. “Ularga yordam berish uchun tarmoqning yangi turlarini yaratish kerak – masalan, internetni uchuvchisiz qurilmalar yoki sun'iy yo‘ldoshlar orqali yetkazish”, - deydi Facebook bosh direktori. 

2. Internetga kirish imkoni. Tsukerbergning so‘zlariga ko‘ra, taxminan milliard kishi internet mavjud bo‘lgan, ammo foydalanish imkoni yo‘q bo‘lgan joylarda yashashadi. Kompaniya bu vaziyatda ikki yechimni ko‘radi (hamda ularni amalga oshirish ustida ishlamoqda): tarmoqqa kirish xizmatini arzonlashtirish va uzatilayotgan ma'lumotlar hajmini kamaytirish.

3. Internetga munosabat. Dunyoning taxminan ikki milliard kishisi internetga ulanishi mumkin – ammo buni istamaydi yoki bunga zarurati yo‘q. “Ehtimol, ular hech qachon kompyuterdan foydalanishmagan yo bo‘lmasa, internetga chiqish imkoni bo‘lmagan. Siz ularga tarmoqqa kirishga pul to‘lashni taklif qilasiz, lekin ular buning nima uchun kerakligini tushunishmaydi. Bunday kishilar uchun biz Free Basics kabi internet servislariga bepul kiruvchi dasturlarni ishlab chiqamiz va ularni hayotga tatbiq qilamiz”, - deydi Facebook asoschisi. 

Hozirda Facebook quyosh energiyasida ishlovchi uchuvchisiz uchuvchi qurilmalarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda, ular internetga kirish imkoni bo‘lmagan hududlarga internet-signallarni uzatadi. 2016 yilning iyul oyi oxirida kompaniya shunday dronlardan birining parvozga chiqarilgani haqida e'lon qilgan. “Tarmoqqa kirish uchun yangi minoralarni qurish – murakkab va qimmat. Shu bois biz uchuvchi uskunani yaratishga qaror qildik”, - deydi Tsukerberg. 

Agar 10 yil avval menga kimdir uchuvchi dronlarni yaratishimiz haqida aytganda, men uni aqldan ozgan deb o‘ylashim mumkin edi. Biroq bu yo‘nalish – strategiyamizning muhim bir qismi. 

 

2. Aquila dasturini ishga tushirish

Aquila — internet-signallarni uzatuvchi dronlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi loyiha. 2016 yilning 28 iyunida ana shunday uchuvchi uskuna o‘zining birinchi parvozini amalga oshirdi. Dron qanotlarining hajmi Boeing 737 yo‘lovchi samolyotining qanotlari o‘lchamidan katta – 34 metr. Dronni yaratishda uglerod tolasidan foydalanilgan – shuning hisobiga qurilma juda yengil chiqqan.

Aquila parvozining tezligi (boshqa uchuvchi vositalarga nisbatan) yuqori emas, u soatiga 40 kilometrni tashkil qiladi. “Biz samoda hamma narsaning tez harakatlanishiga o‘rganib qolganmiz. Aslida esa odamlar samolyot ishlab chiqarayotganda, yo‘lovchilarni ko‘zlangan manzilga tezroq yetkazish haqida o‘ylaydi – parvoz tezligining past bo‘lishi hech qanday ustunlikka ega emas”, - deya izoh beradi Tsukerberg.

Ilk parvozda Facebook jamoasi dronni 30 daqiqa havoda ushlab turishni rejalashtirgan, lekin qurilma 90 daqiqa davomida harakatlandi. Yaqin kunlarda kompaniya yana bir sinov parvozini amalga oshirishni rejalashtirmoqda – parvoz davomida yerga internet-signal uzatiladi. Tsukerbergning so‘zlariga ko‘ra, dron yordamida ma'lumotlar uzatish tezligi “bir soniyada bir necha o‘n gigabitdan iborat bo‘lishi mumkin”. “Bu avval mavjud bo‘lgan har qanday texnologiyadan 10 barobar tez degani”, -  ta'kidlaydi u. 

Sinovlar nihoyasiga yetganidan keyin Facebook Aquila dronlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Qurilma qishloq hududlari, yirik shaharlar chekkalari hamda tabiiy ofat yuz bergan joylarda uchadi. 

Kompaniya dastur ustida ishlashga mamlakatlar hukumatlari hamda butun dunyo bo‘ylab eng yirik telekom-operatorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. “Biz tizim barpo etamiz va uning ishlashiga ishonch hosil qilamiz – shundan so‘ng boshqa ishlab chiqaruvchilarni litsenziya bilan ta'minlaymiz va texnologiyani keng tarqatamiz. Biz tarmoqni mustaqil qurmoqchi emasmiz. Mening fikrimcha, bularning hammasi juda qiziq bo‘lishi kerak”, - deydi Facebook asoschisi. 

 

3. Terragraph tizimini tarqatish

2016 yilda Facebook kompaniyasi Terragraph loyihasi –ko‘p tarmoqli simsiz tizimni namoyish qildi. U aholi ko‘p yashovchi joylarda kishilarni barqaror internet bilan ta'minlashga mo‘ljallangan. Tsukerbergning ma'lum qilishicha, Terragraph mavjud optik tolali tarmoqlarning o‘tkazish xususiyatini oshiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda katta hajmdagi ma'lumotlarni yuklash, real rejimda video almashish kabi imkoniyatlar virtual reallik sohalarida kerak bo‘lib qolishi mumkin.

 

4. Free Basics loyihasi ustida ishlash

Free Basics tashabbusi 42 mamlakatda yo‘lga qo‘yilib ulgurgan, u ba'zi internet-servislarga tarmoqqa pul to‘lamay kirish imkonini beradi. Ushbu loyihaga 25 milliondan ortiq kishi qo‘shilgan. Kelajakda kompaniya mazkur loyihani boshqa mamlakatlarda ham yo‘lga qo‘yish imkonini yaratadi, ayniqsa, Hindiston  Tsukerbergni qiziqtirib qo‘ygan. “Bu juda muhim bozor. Mamlakatda internetga kirish imkoniga ega bo‘lmagan milliard kishi yashaydi”, - izohlaydi tadbirkor. 

 

5. Sun'iy aql va xizmatchi-robot

2016 yilning yanvar oyida Mark Tsukerberg “Temir odam”dagi Jarvisga o‘xshagan sun'iy aqlni yaratish rejasi haqida ma'lum qilgan. The Verge’ga bergan intervyusida Facebook asoschisi mazkur loyihaning amalda ekanligini ta'kidladi: “Yaqin kunlar ichida men o‘z yordamchimning demoversiyasini taqdim qilishni rejalashtiryapman. Hozir men uydagi barcha tizimlar – yorug‘lik, issiqlik, eshiklarni boshqara olaman. Yordamchim menga tost qilib berishi mumkin. Tizimga biroz ishlov berish kerak, lekin umuman olganda, u yaxshi ishlayapti”.

Biz Facebook’da ishlab chiqqan sun'iy aqlning barcha algoritmlaridan foydalanish juda qiziq. Yuz va nutqni taniy olishda qanday taraqqiyotga erishganimiz yaqqol ko‘rinib turibdi. 

 

Tsukerbergning fikricha, kelajakda sun'iy aql tizimlari ikki sohada keng tarqaladi: obrazlarni taniy olish va o‘rgatish. “Aholi orasida sun'iy aqlning insonga ziyon yetkazishi mumkin yoki yo‘qligi munozaralarga sabab bo‘lmoqda, lekin mening fikrimcha, obrazlarni tanish sohasidagi ishlab chiqarishlar baribir juda foydali bo‘ladi. Ko‘zi ojiz kishi ekranda nimalar bo‘layotganini osonlikcha bilib olishi mumkin, harakatlanish xavfsizligi kuchayadi, texnologiyalarni tibbiyotda qo‘llash mumkin bo‘ladi”, - deydi tadbirkor. 

 “Shuni yodda tutish muhimki, bu yerda sehr-jodu emas, matematika, statistika, obrazlarni tanish va ma'lumotlarning katta bazasi qo‘llangan. Bularning barchasi nazoratdan chetga chiqishi kerak emas. Sun'iy aql ishlab chiqaruvchilari shunchaki insonlar hayotini yaxshilashga harakat qilishmoqda”.

 

6. Botlar

Facebook jamoasi turli kompaniyalarning ijtimoiy tarmoqqa qiziqishi o‘sishi tufayli botlar ustida ishlashni boshladi, deydi Tsukerberg. “Biznes o‘zining Facebook’dagi sahifasini asosiy aloqa kanali sifatida foydalanmoqda. Foydalanuvchilar kompaniya vakillariga uning ijtimoiy tarmoqdagi akkaunti orqali murojaat qilishadi, lekin jamoa har doim ham tez munosabat bildira olmaydi. Bizda foydalanuvchilarning xabarlarini o‘qib, ularga jamoa nomidan javob beruvchi sun'iy aql yaratish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Biz xaridorlarga javobni avtomatlashtirish yo‘lini topishga harakat qilmoqdamiz”.

Tsukerbergning qayd etishicha, suhbat interfeysi oddiy ilovaning o‘rnini bosa olmaydigan keyslar mavjud. “Yo‘q, men suhbat – ko‘ngilga kelgan ishni qilish vositasi emas. Biroq o‘ylashimcha, biz qilayotgan ishlar - hozir mavjud bo‘lgan biznes aloqa vositalaridan 10 va hattoki 100 barobar yaxshiroqdir. Siz xabar yozasiz va deyarli darhol javob olasiz, soatlab javob kutishga hojat qolmaydi. Bu oldinga tashlangan olg‘a qadamdir”, - deydi u. 

 

7. Virtual va to‘ldirilgan reallik

“Virtual reallik – bir necha sabablarga ko‘ra, biz uchun juda muhim bo‘lgan yo‘nalish. Birinchidan, bizning vazifamiz Yerdagi har bir insonga o‘z tajribasi bilan bo‘lishish va boshqalarga dunyoda nimalar ro‘y berayotganini bilishga yordam berishdan iborat. Virtual reallik texnologiyalari bunda bizga yordam beradi. 10 yil avval biz taassurotlarimiz bilan matn yordamidagina bo‘lishar edik. Ulardan keyin fotosuratlar kirib keldi, bugungi kunda esa videotasmalar mashhur bo‘lib bormoqda. Virtual reallik – mantiqiy davom”, - deya izoh beradi Tsukerberg. 

Boshqa tendensiya, deydi tadbirkor, har 10-15 yilda insoniyat o‘zaro ta'sir paradigmasini hisoblash qurilmalari bilan almashtiradi. O‘tgan asrning 80-yillarida faqat katta mashinalar bo‘lgan, ular bilan ishlash uchun “o‘quv darajasiga ega bo‘lish kerak bo‘lgan”. 90-yillarda PK paydo bo‘lgan – ammo ular bilan ishlash qiyinchilik tug‘dirgan. Shundan so‘ng internet va smartfonlar paydo bo‘ldi. 

 “Odamlarga smartfonlar yoqadi, biroq bu oxiri emas. Ular doim biz bilan birga, ulardan foydalanish kompyuterlarni ishlatishdan osonroq, biroq virtual va to‘ldirilgan reallik yanada oson bo‘lishga va'da bermoqda. Telefonni cho‘ntakdan olish kerak, uning boshqa cheklovlari ham bor. VR va AR bilan u o‘tmishda qoladi”.

"Sizning ko‘zoynagingiz yoki hattoki kontakt linzalaringiz bo‘ladi. Siz shunchaki atrofga qarab, o‘zingizga kerakli bo‘lgan ma'lumotga ega bo‘lishingiz mumkin."

Tsukerbergning ta'kidlashicha, virtual reallik texnologiyalari tayyor – ishlab chiqaruvchilar ularni takomillashtirsa bo‘lgani. Uning aytishicha, virtual reallik bilan ishlash osonroq bo‘ladi, shu bois kompaniya ishni shundan boshladi. 

To‘ldirilgan reallik bilan vaziyat boshqacha – Facebook hozircha uni inson hayotiga tatbiq qilish yo‘llarini izlamoqda hamda shu bilan bog‘liq ko‘plab ilmiy muammolarni hal qilmoqda. Tadbirkorning taxminiga ko‘ra, to‘ldirilgan reallik texnologiyalari 10 yil ichida virtual reallikning hozirgi holatiga yaqinlashadi.

Ko‘proq yangiliklar: