Politsiya AQShning Florida shtati, Fort Mayyers shahridagi Club Blu tungi klubidagi otishma bilan bog‘liq ravishda 3 nafar gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Otishmada 2 nafar odam halok bo‘lgan, yana 17 kishi yaralangan. Voqea tafsilotlari aniqlashtirilmoqda. Shahar politsiyasi boshlig‘i Dennis Idsning aytishicha, bo‘lib o‘tgan voqea terakt bo‘lmagan.
Klubda o‘smirlar uchun kecha o‘tayotganda noma'lum kimsa binoga kirib, odamlarni o‘qqa tutgan.
OAV ma'lumotlariga ko‘ra, klub yaqinida yashovchi ayolning ma'lum qilishicha, u 30 ga yaqin o‘q ovozini eshitgan.
NBC-2 telekanali ma'lum qilishicha, otishma klub yonidagi avtoturargohda boshlangan. Voqea haqidagi xabar politsiyaga mahalliy vaqt bilan soat 01.00 da kelib tushgan.
Wink News telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, barcha jarohatlanganlar turli og‘irlikdagi jarohatlar bilan shifoxonalarga yetkazilganlar. Ba'zilar shifoxonalarga tez yordam mashinalarida yetkazilganlar, ba'zilar esa mustaqil ravishda o‘zlari yetib olganlar.
Bundan tashqari, politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, klub yaqinida yana bitta otishma yuz bergan va klubdagi otishma bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Noma'lum kimsa Parkvey ko‘chasidagi uy va avtomobillarga o‘q uzgan. Oqibatda bir kishi kichik jarohatlar olgan. Hujumda gumon qilinib 3 kishi hibsga olindi.
Voqea sababli Florida shtati gubernatori Rik Skott 25 iyulga belgilangan barcha tadbirlarni bekor qilib, Fort Mayyers shahriga jo‘nagan.