Yerevanda patrul-post xizmati polki binosini bosib olgan qurollangan guruh 25 iyulda Chevrolet rusumidagi politsiya avtobusini yoqib yubordi, deb xabar bermoqda Armaniston politsiyasi matbuot xizmati.
"Patrul-post xizmati polki hududidagi qurollangan guruh bir necha daqiqa avval politsiya xizmat avtobusini yoqib yubordi. Bundan avvalgi kun kechasi guruh a'zolari politsiyaga qarashli "Gazel"ni yoqib yuborgach, avtomobil shinasini ko‘chaga olib chiqib, unga o‘qlar solib, yaqin atrofdagi aholiga xavf solgan holda uni yoqib yuborishgan", deyilmoqda xabarda.
Huquq-tartibot muassasalari guruh a'zolarini fuqarolar hayoti va salomatligiga xavfli bo‘lgan harakatlarni amalga oshirmaslikka va vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirmoqda.
17 iyulda qurollangan kimsalar guruhi patrul-post polki hududiga bostirib kirib, u yerdagi odamlarni qo‘rqitib ushlab turgan va prezidentning iste'foga ketishini hamda radikal muxolif "Yangi Armaniston" fronti yetakchisi Jirayra Sefilyanning ozod qilinishini talab qilgan.
17 iyuldan beri Yerevandagi Movses Xorenatsi ko‘chasida norozilik aksiyasi o‘tmoqda. Uning ishtirokchilari politsiyaga qurollangan guruhga qarshi maxsus operatsiyani o‘tkazishga xalaqit qilish maqsadida politsiya qurshovi oldida piket uyushtirmoqda.