CNET internet nashri Bugatti Chiron giperkarining ilk dizaynerlik namunalarini namoyish etdi. Modelning tashqi ko‘rinishi ustida kompaniya yangi ishlanmalarining ekstereri bo‘yicha bosh dizayneri, rossiyalik Sasha Selipanov jiddiy ter to‘kkan. U, bungacha Volkswagen konsernida salkam 10 yil mehnat qilgan va Lamborghini Huracan dizaynini ishlab chiqishda qatnashgan.
Suratlardan ko‘rish mumkinki, loyiha ustida ish olib borilganda Chiron old qismining agressivligi kamaytirilgan, havoso‘rg‘ichlar ortiga yashirilgan chiroqlar o‘rnini 8ta diodli yorug‘lik elementlari egallagan. Avtomobilning yon va orqa tomonlari o‘zgarishlarga kam uchragan.
Eslatib o‘tamiz, Chiron kupesi shu yilning fevral oyida namoyish etilgan edi. Giperkarga 8 litrli, 1500-ot kuchiga ega, W16 turbomotori va yetti bosqichli avtomatik uzatmalar qutisi o‘rnatilgan. U, noldan soatiga 100 km tezlikka 2,5 soniyada erisha oladi. 6,5 soniyada soatiga 200 km tezlikka yetsa, 13,6 soniyada 300 kmlik tezlikni ortda qoldiradi.
Uning eng yuqori tezligi soatiga 420 kmni tashkil etadi. Biroq, buning uchun, alohida kalit bilan ishga tushiriladigan maxsus harakatlanish tartibiga o‘tish lozim bo‘ladi. Mashina spidometrida esa, uning soatiga 500 kmga harakatlana olishi qayd etilgan.
2018 yili Bugatti kompaniyasi avtomobilda harakatlanish bo‘yicha jahon tezlik rekordini o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Hozirgi vaqtda, dunyoda seriyali ishlab chiqariluvchi eng tezkor mashina Amerikaning Hennessey Venom GT giperkari hisoblanadi. Uning kupe namunasi soatiga 435 kmni ortda qoldirishi mumkin bo‘lsa, rodsteri 427,3 kmni bosib o‘ta oladi.
«Shiron»ning ilk buyurtmachilari o‘z mashinalarini shu yilning kuz oyida olishadi. Umuman, ushbu modeldan jami 500 dona ishlab chiqiladi. Uning eng arzon namunasi — 2,4 million yevroga baholanadi.