Facebook Phone'dan tortib to Apple o‘yin pristavkasigacha: Mashhur brendlarning omadsiz loyihalari

Light 20:39 / 25.07.2016 8072

CB Insights  tahlilchi kompaniyasi yirik kompaniyalarning eng omadsiz loyihalari ro‘yxatini tuzdi. 101 punktdan iborat ro‘yxatga Apple, Pepsi, Google, BIC va boshqa brendlarning loyihalari kiritildi. Shulardan eng diqqatga sazovorlarini e'tiboringizga havola qilamiz. 

 

Coca-Cola’dan New Coke (1985 yil)

Saksoninchi yillarning o‘rtalarida Coca-Cola boshqa gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan jiddiy raqobatga to‘qnash kelib, o‘z ichimligining klassik shaklini o‘zgartirishga qaror qildi va yangi brend - New Coke’ni taqdim qildi, u original “kola”dan shirinroq ekanligi bilan ajralib turardi. Dastlabki sinovlarning muvaffaqiyatli o‘tganiga qaramay, kompaniya iste'molchilar tomonidan ko‘p sonli noroziliklarga duch keldi. Ular Coca-Cola mijozlarga tanlash imkoniyatini bermaganidan shikoyat qilishdi. Buning natijasida Coca-Cola ichimligi klassik shakliga qaytdi. 

 

Facebook Phone smartfoni (2013 yil)

2013 yilda Facebook OS Android boshqaruvi ostida smartfonlar uchun shaxsiy interfeysini namoyish qildi va uni Facebook Home deb nomladi. Bu interfeysli ilk telefon - HTC First bo‘lib, unga Facebook Phone deya nom berishdi. Asosiy ekranda do‘stlarning xatlari va boshqa xabarlar aks etardi. Qurilmani sotish bilan shug‘ullangan AT&T kompaniyasi talabning kamligi tufayli ularning narxini 99 dollardan 99 sentgacha tushirdi. 2016 yilda esa mazkur loyiha bekor qilindi. 

 

Atari’dan “O‘zga sayyoralik” o‘yini (1982 yil)

1982 yilda Atari o‘zining Atari 2600 pristavkasi uchun E.T. the Extra-Terrestrial o‘yinini taqdim etdi, bu o‘yin Stiven Spilbergning “O‘zga sayyoralik” filmi asosida ishlab chiqilgan. Faqatgina litsenziyani sotib olish uchun kompaniya 20 million dollardan ortiq mablag‘ sarfladi. Atari 4 million kartrij ishlab chiqardi, ulardan 2,5 millioni qaytarildi. O‘yin ekspertlari bu loyihani Atari’ning asosiy moliyaviy inqirozi deb tashadi, o‘yinni esa – 1983 yildagi o‘yin sanoatini tanazzulga olib kelgan omillardan biri deb hisoblashdi. 

 

Twitter Peek (2009 yil)

Peek kompaniyasi 2009 yilda Twitter Peek uskunasini ishlab chiqardi, uning yordamida Twitter foydalanuvchilari lentani tekshirib, tvitlar yo‘llashlari mumkin bo‘lgan. Biroq uskuna faqatgina oxirgi 20 xabarni ko‘rsatgan, shu bois foydalanuvchilar uni befoyda deb topishgan. 

 

Frito-Lay'dan "yog‘sizlantirilgan" chipslar (1998 yil)

 

To‘qsoninchi yillar oxirlarida Lays Cheetos chipslarini ishlab chiqaruvchi Frito-Lay - yangi "yog‘sizlantirilgan" Wow chipslarini sotuvga chiqardi, ularni ishlab chiqarishda  olestra - sintetik yog‘ muqobilidan foydalanilgan. Yangi mahsulotning chiqarilishi iste'molchilarning oshqozondagi jiddiy muammolardan shikoyat qilishiga va hattoki sudgacha olib keldi.

 

Pepsi Crystal (1992 yil)

To‘qsoninchi yillarda PepsiCo kompaniyasi Pepsi Crystal ichimligini taqdim etdi – xuddi o‘sha Pepsi, faqat kofeinsiz. Kompaniyaning bunday qarori kishilarni sog‘lom taomlanishga bo‘lgan qiziqishini mustahkamlash bilan izohlandi. Biroq bu g‘oya klassik “pepsi”ga o‘rganib qolgan iste'molchilarga ma'qul kelmadi, ular sitrus mevalar ta'miga ega bo‘lgan shaffof ichimlikni qabul qilishmadi. 

 

Nintendo’dan Virtual Boy (1995 yil)

1995 yilda Yaponiyaning Nintendo kompaniyasi uch o‘lchamli grafikni aks ettirishga qodir Virtual Boy o‘yin konsolini ishlab chiqardi. 1996 yilda xaridorlarning ko‘plab shikoyatlari tufayli konsolni ishlab chiqarish to‘xtatildi. Ular uskunaning beqaror ishlashi va ko‘zga ziyon yetkazishidan (unda qora va qizil ranglar ustunlik qilgan) arz qilishgan. 

 

Oakley’dan MP3-pleyer o‘rnatilgan quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak (2005 yil)

Ko‘zoynak va aksessuarlar ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Oakley 2005 yilda Oakley Thump MP3-pleyeri biriktirilgan quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak yaratdi. Bunday ko‘zoynaklar judda qimmat bo‘lgan (495 dollar), ular “haddan ziyod zamondan ortda qolgan ko‘rinish”da bo‘lgan, pleyerdagi tovush esa juda zaif bo‘lgan. 

 

Microsoft’dan Zune MP3-pleyeri (2006 yil)

2006 yilda Microsoft kompaniyasi Zune MP3-pleyerini ishlab chiqardi,u rejaga ko‘ra iPod bilan raqobatga kirishishi kerak bo‘lgan.  Foydalanuvchilar qurilma haqida ijobiy fikr bildirishgan, xususan ularni Zune’ning boshqa sohiblari bilan musiqa almashish funksiyasi jalb qilgan. Biroq bu mashhurlik bobida Apple pleyeriga yetib olish uchun yetarli bo‘lmagan. 2011 yilda Microsoft kompaniyasi Zune pleyerlarini ishlab chiqarish to‘xtatilganini ma'lum qildi.

 

Apple’dan Pippin o‘yin pristavkasi (1995 yil)

To‘qsoninchi yillar o‘rtalarida Apple o‘zining yagona o‘yin pristavkasini yaratishga urinib ko‘rdi. 1995 yilda kompaniya Pippin – o‘yinlar o‘ynash va internetga kirish uchun mo‘ljallangan konsolni ishlab chiqdi. Apple qurilma litsenziyasini boshqa kompaniyalarga sotmoqchi bo‘lgan. Pippin bilan shug‘ullanuvchi yagona firma Yaponiyaning Bandai’i bo‘lgan. Jami 42 mingdan 100 minggacha qurilma ishlab chiqilgan. 

 

Microsoft’dan Bob grafik interfeysi (1995 yil)

1995 yilda Microsoft kompaniyasi kompyuterda ishlashga mo‘ljallangan Bob grafik interfeysini ishlab chiqargan. U shaxsiy fayllarini tartibga keltirish va ishni yengillashtirishda  foydalanuvchilarga yordam berishi kerak bo‘lgan. Biroq servis protsessorga og‘irlik qilgan va natijada loyiha bekor qilingan.

 

ESPN’dan qo‘l telefoni (2006 yil)

2006 yilda Amerikaning ESPN kabel sport televideniyesi kompaniyaning ajoyib kontentiga kira oladigan shaxsiy mobil telefonini namoyish qildi. Tahlilchilarning aytishicha, bu g‘oya boshidanoq inqirozga yuz tutishi ma'lum bo‘lgan. “Bu 300 dollarlik noqulay interfeysga ega qo‘pol “tuxtlama” ("raskladushka") bo‘lgan”.

 

Google’dan uch o‘lchamli virtual olam (2008 yil)

Google Lively — bu 3D-virtual olam, bu yerda foydalanuvchilar o‘z qahramonlari va makonlarini yaratishlari, shuningdek u yerga video yoki musiqa qo‘shishi mumkin bo‘lgan. Loyiha Second Life ot Linden Lab servisiga start berilganidan 5 yil o‘tib, 2008 yilda yo‘lga qo‘yilgan. 2008 yilning 31 dekabrida Google korporatsiyasi Lively’ni yopdi. Tahlilchilar loyiha tanazzulining sabablaridan biri sifatida marketingning yo‘qligi va servisning faqatgina Windows’da ishlashini ko‘rsatishdi. 

 

BIC’dan ich kiyim va atir (1990-yillarning oxiri)

Qimmat bo‘lmagan ruchkalar, zajigalkalar va britva stanoklari sotuvi orqali nom qozongan BIC korporatsiyasi ich kiyim bozoriga ham chiqishga qaror qildi, biroq bu g‘oya muvaffaqiyat qozonmadi. Xaridorlar ruchka va zajigalkalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi brendning ich kiyimga o‘tishini qabul qila olishmadi. Ich kiyimlar bilan bir vaqtning o‘zida kompaniya atirlar sotuvini ham yo‘lga qo‘ydi, ammo 1999 yilda ikki yo‘nalish ham ishlab chiqarishdan olib tashlandi. 

 

McDonald's kompaniyasidan burgerlar “konstruktor”i (1980-yillar)

Saksoninchi yillarda McDonald's burgerlar tayyorlashning turli variantlari ustida tajriba qilgan. Mazkur tajriba doirasida kompaniya mijozlarga o‘zi tanlab olishi mumkin bo‘lgan burgerni taklif qilgan. Masalliq plastik qutiga joylangan: bulochkaning pastki qismi va go‘sht – sabzavotlar, pishloq, sous va bulochkaning ustki qismidan alohida taxlangan. Mo‘ljalga ko‘ra, bunday qutini buyurtma qilgan mijoz istagan paytida uni yig‘ib, yeyishi mumkin bo‘lgan. Biroq bu g‘oya xaridorlarni qiziqtirmadi. 

 

Apple va AOL’dan eWorld servisi (1994 yil)

1994 yilda Apple korporatsiyasi AOL bilan birga eWorld loyihasini ishga tushirdi. Servis pochta, yangiliklar, hujjatlarni qulay interfeysda ko‘rib chiqish imkonini beradi. eWorld’da 400dan ortiq kompaniyalarning ilovalari integratsiya qilingan. Biroq servisdan foydalanishning narxi qimmatligi hamda uning Macintosh’dan boshqa platformalarda ishlamasligi tufayli loyiha to‘xtatilgan. 

 

Google Wave (2009 yil)

2009 yilda Google korporatsiyasi Wave veb-servisini ishga tushirgan, u hujjatlarni birgalikda tahrir qilish uchun elektron pochtani chatlar, servislar va boshqa platformalar bilan birlashtirar edi. Loyiha foydalanuvchilar orasida ma'lumotlar almashishni yengillashtirishga mo‘ljallangan edi. Biroq odamlar servisni qayerda qo‘llashni bilishmagan va Google 2012 yilda Wave loyihasi yopgan. 

 

Xybernaut’dan Poma minikompyuteri  (2002 yil)

2002 yilda Xybernaut kompaniyasi qo‘lda olib yuriluvchi Poma minikompyuterini taqdim qilgan, uning yordamida elektron pochtani tekshirish va musiqa tinglash mumkin bo‘lgan. Poma Windows CE’da ishlagan. Uning narxi 1,5 ming dollar bo‘lgan. Tahlilchilarning fikricha, Poma qo‘lda olib yurishga mo‘ljallangan qurilmalarga mansub bo‘lsa-da, u butkul portativ hisoblanmagan.

Ko‘proq yangiliklar: