Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Turkiyaning mamlakatga nisbatan juda qo‘pol tarzda murojaat qilganini ta'kidladi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu Fathulloh Gulen haqida fikr bildirar ekan uning kattagina bandasi Qirg‘izistonda faoliyat yuritishini baralla ma'lum qildi. Bu esa Qirg‘iziston rasmiylarining asabiga tegdi.
Turkiya Qirg‘izistondan Gulenning homiyligidagi maktablarni tezda yopishini talab qilgan.
«Biz Turkiya tomonining xavotirlanayotganini tushunamiz. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, Qirg‘iziston mustaqil mamlakat. Nima yaxshi nima yomon ekanini biz o‘zimiz hal qila olamiz.
Tashqi ishlar vazirining bundayin qo‘pol va xunuk tarzda munosabat bildirishini oqlay olmaymiz. Bir mamlakat boshqa mamlakatga ultimatum qo‘ygan holda yoki shantaj yo‘li bilan shart qo‘ya olmaydi»,- deyildi Qirg‘iziston TIVning bu boradagi bayonotida.
Turkiya TIV agar Qirg‘iziston Gulen homiylik qiladigan maktablarni yopmaydigan bo‘lsa, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar yomonlashuvini ta'kidlagan.