Rossiya sport vaziri va Rossiya futbol ittifoqi (RFI) prezidenti Vitaliy Mutko Hamdo‘stlik kubogining yopilishini e'lon qildi.
"Hamdo‘stlik kubogi yopildi, u o‘z dolzarbligini yo‘qotdi. Shu bilan birga, biz Granatkin kubogini o‘tkazishni davom ettiramiz", deb Mutkoning so‘zlarini keltirib o‘tdi "Sovetskiy sport" nashri.
Hamdo‘stlik kubogi – RFI va FIFA nomi ostida o‘tuvchi, sobiq ittifoq davlatlari yoshlar terma jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqa. U birinchi marta 1993 yil yanvarda o‘tkazilgan. 2011 yilgacha musobaqada sobiq ittifoq davlatlarining klublari ishtirok etib kelgan. 2012 yildan musobaqada o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari ishtirok etgan.
Musobaqa MDH va Boltiqbo‘yi davlatlari chempionlari uchun bellashuv sifatida rejalashtirilgandi, biroq turli sabablarga ko‘ra chempionlar yo sovrindor klublar, yo Rossiya yoshlar terma jamoalari bilan almashtirilgan. Musobaqa har yili o‘tkazilgan, u MDH va Boltiqbo‘yining turli davlatlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Biroq musobaqa 1993 yildan 2007 yilgacha, 2009 va 2010 yilda Moskvada, 2008 yil va 2011 yildan Sankt-Peterburgda o‘tkazilib kelingan.