Meksikadagi shahar aholisi merni o‘ldirdi

Jamiyat 11:00 / 24.07.2016 10711

Meksikaning Chyapas shtatidagi hindular istiqomat qiladigan San-Xuan-Chamula shahri meri aholi vakillari tomonidan o‘ldirildi. To‘qnashuv vaqtida jami 5 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda shtat hukumatiga asoslanib RIA Novosti agentligi xabar tarqatgan.

Voqea 23 iyul kuni tongida sodir bo‘lgan. Tergovda aniqlanishicha, shahar meri Domingo Lopes Gonsales yig‘ilgan olomon qarshisida mahalliy hunarmandlarni qo‘llab-quvvalashdan bosh tortib, ularga ish berishdan bosh tortgan.

Shundan so‘ng, yig‘ilganlardan biri merga o‘q uzgan. Keyin esa uning jonsiz tanasi maydonda toptalgan.

Merdan tashqari, shahar ma'muriyatining 2 amaldori hamda bir haydovchi o‘ldirilgan. Shuningdek, aholi vakillaridan biri halok bo‘lgan. Tartibsizliklar vaqtida 12 kishi jarohatlangan.

Norozi xalq shahar ko‘chalarida barrikadalar qurib, o‘z talablarini bildirishgan. Lekin tez orada politsiya nazoratni qo‘lga olgan va namoyishchilar tarqab ketgan.

El Financiero nashri yozishicha, 2015 yilning avgustida shahar jamoatchiligining 30dan ortiq vakili Chyapas shtati hukumatidan ijtimoiy himoya, yo‘llar va boshqa maishiy qurilishlar uchun 100 million peso ajratishni so‘ragandi.

Ko‘proq yangiliklar: