Rossiya Olimpiya qo‘mitasi (ROQ) Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya o‘yinlari (OO‘) tashkiliy qo‘mitasiga ROQ ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan, terma jamoaning to‘liq tarkibi tushirilgan ro‘yxatni jo‘natdi. Ro‘yxatga 387 nafar sportchi kiritilgan bo‘lib, ulardan 68 nafari yengil atletikachilardir. Bu haqida TASS agentligi Rossiyaning OO‘dagi delegatsiyasi rahbari Igor Kazikovning so‘zlariga asoslanib xabar berdi.
20 iyul kuni ROQ ijroiya qo‘mitasi 387 nafar sportchidan iborat tarkibni tasdiqladi, ulardan 201 nafari erkak va 186 nafari ayol sportchilardir.
“Ro‘yxat ROQ ijroiya qo‘mitasi tasdiqlagan tarkibda Olimpiada tashkiliy qo‘mitasiga yuborildi, - deya ma'lum qildi Kazikov. – Biroq bu xali hech narsa degani emas, biz XOQ ijroiya qo‘mitasining ertaga, 24 iyul kuni qanday qarorga kelishini kutmoqdamiz”.
Payshanba kuni Sport arbitraj sudida ROQ rossiyalik yengil atletikachilarning 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishlariga doir ochilgan ishda yutqazib qo‘ydi. Shu tariqa, 2016 yilgi O‘yinlarda faqatgina uzunlikka sakrash bo‘yicha Darya Klishina qatnashishi mumkin ekanligi ma'lum bo‘ldi.
2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari 5-21 avgust kunlari Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadi.