AQSh prezidenti Barak Obama Myunxendagi otishmaga munosabat bildirar ekan, kutilmaganda mavzuni boshqa tomonga burib ketdi va bu bilan muxbirlarning kayfiyatini ko‘tardi. Bu haqida Rambler xabar berdi.
“Biz u yerda nimalar sodir bo‘layotganini aniq bilmaymiz, lekin biz qalban vaziyat qurbonlari bilan birgamiz”, - dedi Obama.
Prezident AQSh Germaniyaga “o‘zining eng yaqin ittifoqdoshlaridan biri” sifatida har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek u Myunxendagi fojia “bizning hayot tarzimiz, erkinligimiz”ning xavf ostida ekanligini eslatib qo‘yganini aytdi. Shu payt birdan “otasini tark etayotgan” ulg‘ayib borayotgan farzandlar to‘g‘risida gapira ketdi. Manbaga ko‘ra, bu bilan u o‘zining to‘ng‘ich qizi Maliyaga ishora qilgan.
“Kechirasiz, men buni o‘zimga juda yaqin oldim chog‘i. Haddan tashqari yaqin”, - dedi prezident jurnalistlar kulgisi ostida.
Biroz chekinishdan so‘ng Obama Myunxen mavzusiga qaytdi va “vaziyat qanday tus olishidan qat'i nazar, huquq-tartibot organlari xodimlarining o‘z hayotini garovga qo‘yib, xavfsizligimizni saqlashdagi harakatlarini” yuqori baholadi.