Myunxen politsiyasi shahardagi kafe va savdo markazida otishma sodir etgan erkak shaxsini aniqlashtirdi, deb yozmoqda Süddeutsche Zeitung. Shaharda boshqa otishmalar sodir bo‘lgani haqidagi ma'lumotlar tasdiqlanmadi.
Matbuot-anjumanida otishmani sodir etganlikda gumonlanayotgan jinoyatchi eron millatiga mansub 18 yoshli o‘smir ekanligi ma'lum qilindi. Uning ham Eron, ham Germaniya fuqaroligi bo‘lgan. Ayni vaqtdagi ma'lumotlarga ko‘ra, u bir o‘zi harakat qilgan va hujumdan keyin o‘z joniga qasd qilgan.
Jinoyatchining jasadi savdo markazidan bir kilometrcha uzoqlikda topilgan.
Myunxen politsiyasi rahbari Xubertus Andre fojia oqibatida halok bo‘lganlar yaqinlariga hamdardlik bildirdi va bu kun uning hayotidagi eng og‘iri bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi. Shaharda huquq-tartibot muassasalarining 2,3 ming xodimi ish olib borgan, jumladan qo‘shni Avstriyadan Cobra maxsus bo‘limi xodimlari ham yetib kelgan.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, otishma oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, 21 kishi jarohat olgan. Jabrlanganlar orasida bolalar, halok bo‘lganlar orasida yoshlar bor. Uch nafar jabrlangan og‘ir ahvolda qolmoqda.