Turkiya qurolli kuchlari podpolkovnigi Leven O‘nder mamlakat janubi-sharqidagi Siirt viloyati hududida o‘zini o‘ldirdi. Viloyat ma'muriyati tarqatgan xabarga ko‘ra, u o‘zini davlat to‘ntarishiga urinishning oldini ola olmagani uchun aybdor deb topib, o‘ziga shunday jazo belgilagan.
"Maxsus topshiriqli 3-brigada qo‘mondoni o‘rinbosari Leven O‘nderning keyingi kunlarda ro‘y bergan voqealarga asablari dosh bera olmay o‘zini otdi. U o‘zini terrorchilarning rejalarini oldindan payqamagani uchun aybdor his qilgan", deyilgan bayonotda.
Qayd etilishicha, avvalroq bu podpolkovnik davlat to‘ntarishiga urinish ishi doirasida prokuraturaga guvoh sifatida ko‘rsatma bergandi.
16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish yuz berdi. Harbiylar Anqara va Istanbulga tanklar bilan kirib hukumatni qo‘lga olganini e'lon qildi.
Prezident xalqdan isyonchilarga qarshi kurashda yordam so‘radi. Tongga qadar isyon bostirildi. Erdo‘g‘an bu isyon tashkilotchiligida muxolifatchi Fathulloh Gulenni ayblagan.
To‘qnashuvlar vaqtida tinch aholi vakillaridan 246 nafar, isyonchilardan 108 kishi halok bo‘lgan, 2 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
Ayni vaqtda mamlakatda isyonga aloqadorlarni qo‘lga olish ishlari davom etmoqda. Shu vaqtgacha 10,4 ming kishi qo‘lga olindi. Davlat organlarida olib borilayotgan yalpi tozalash ishlari doirasida 70 mingga yaqin xizmatchi lavozimidan chetlatildi.