21 iyulda Toshkentdagi "Jar" stadionida 23 yoshdan kichik bo‘lgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston va Iroq terma jamoalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Iroqni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Qiziqarli kechgan bahsning 30-daqiqasida Jaloliddin Masharipov hisobni ochib, O‘zbekistonni oldinga olib chiqdi. Biroq 47-daqiqada iroqliklar vakili Al'a Abdulzahron hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Biroq iroqliklarning xursandchiliklari uzoqqa bormadi, oradan yetti daqiqa o‘tar-o‘tmas Masharipov penaltidan g‘alaba to‘pini kiritdi.
O‘rtoqlik uchrashuvi
O‘zbekiston U-23 - Iroq - 2 : 1 (1 : 0, 1 : 1)
Gollar: Jaloliddin Masharipov (30, 54 (pen.)); Al'a Abdulzahron (47).
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Iroq terma jamoasiga qarshi uchrashuvi 24 iyulda "Bunyodkor" stadionida Toshkent vaqti bilan 19:00da boshlanadi.