VimpelCom kompaniyasi o‘zining O‘zbekistondagi sho‘'ba kompaniyasi Unitel`ning asosiy litsenziyasi 15 yilga uzaytirilganini ma'lum qildi.
Uyali aloqa bo‘yicha loyihalashtirish, qurish, foydalanishga topshirish va xizmat ko‘rsatish uchun litsenziya muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza 2016 yilning mayida mazkur soha bo‘yicha mutasaddi tashkilotga taqdim etilgan edi. Shuningdek, kelgusida kompaniya telekommunikatsion tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha rejalar ham tasdiqlandi.
Respublikada Beeline brendi ostida faoliyat ko‘rsatib, 9,5 million abonentga ega xalqaro kompaniya o‘z xabarida O‘zbekistonni asosiy bozorlardan biri deb tilga oldi.
2006 yildan buyon VimpelCom O‘zbekistonda 1 milliard dollardan ziyod sarmoya kiritib, 950 million dollardan ko‘proq soliq to‘ladi.
Unitel kompaniyasiga 1996 yilda asos solingan. 2008 yilning 2 dekabr kuni Beeline Uzbekistan respublikada birinchi bo‘lib 3G tarmog‘ining ishga tushirilgani haqida e'lon qilgan, 2014 yilning 4 sentabr kuni esa 4G LTE tarmog‘ini birinchi bo‘lib tijorat foydalanuviga topshirgandi.