Turkiyadagi isyonda ishtirok etgan harbiylardan biri, polkovnik Muammar A o‘zini hibsga olish uchun kelgan politsiyachilardan qochib, kiyim solinadigan shkafga yashirinishga harakat qildi. Anadolu xabariga ko‘ra u huquq-tartibot organlari tomonidan o‘z qarindoshlaridan birining uyida qo‘lga olingan.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, polkovnik Bosfor bo‘g‘ozi ustidan o‘tgan ko‘prikni egallab olgan harbiylarga boshchilik qilgandi. U isyon vaqtida boshqa harbiylar bilan WhatsApp orqali aloqada bo‘lib turgani aniqlangan.
"Kulelida (Istanbuldagi harbiy akademiya) jang ketmoqda...", "Ko‘prik ustiga havodan yana bir zarba berishning imkoni bormi?..", "Chengelkey tumanida qarshilik ko‘rsatgan 4 kishi otib tashlandi, hech qanday muammo yo‘q", "Yaqinlashishga ruxsat berilmasin. Yaqinlashganlarga qarata o‘t oching", kabi xabarlar aniqlangan yozishmalarida.
16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish yuz berdi. Harbiylar Anqara va Istanbulga tanklar bilan kirib hukumatni qo‘lga olganini e'lon qildi.
Prezident xalqdan isyonchilarga qarshi kurashda yordam so‘radi. Tongga qadar isyon bostirildi. Erdo‘g‘an bu isyon tashkilotchiligida muxolifatchi Fathulloh Gulenni ayblagan.
To‘qnashuvlar vaqtida tinch aholi vakillaridan 190dan ortiq, isyonchilardan 108 kishi halok bo‘lgan, 1,5 minga yaqin kishi jarohatlangan.
Ayni vaqtda mamlakatda isyonga aloqadorlarni qo‘lga olish ishlari davom etmoqda. Shu vaqtgacha 10 mingga yaqin kishi qo‘lga olindi. Davlat organlarida olib borilayotgan yalpi tozalash ishlari doirasida 70 mingga yaqin xizmatchi lavozimidan chetlatildi.