AQSh prezidentligiga Demokratik partiyadan sobiq nomzod, senator Berni Sandersning fikricha, Yaqin Sharqdagi hozirgi beqarorlikka prezident kichik Jorj Bush ma'muriyatining 2003 yildagi Iroqqa bostirib kirgani sababdir.
"Tramp haq emas. Yaqin Sharqdagi beqarorlikning asosiy sababi Bush — Cheyni ma'muriyatining Iroqqa bostirib kirishidir. Ha aytgancha, Bushning o‘zi ko‘rinmaydi?", — deb yozgan Sanders o‘z Twitter sahifasida.
Sanders, AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampning partiya s'yezdidagi ma'ruzasini shunday izohlagan. Tramp, Yaqin Sharqdagi beqarorlik uchun mas'uliyatni hozirgi prezident Barak Obama ma'muriyati va sobiq davlat kotibasi Hillari Klinton zimmasiga yuklagan edi.
Klinton xonim kelasi hafta bo‘lib o‘tajak Demokratik partiya s'yezdida AQSh prezidentligi uchun rasmiy nomzod sifatida ilgari suriladi. U, davlat rahbarligi uchun kurashda Trampning asosiy raqibi bo‘ladi.
Sobiq prezident kichik Jorj Bush Trampni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani uchun Respublikachilar s'yezdida qatnashmayapti.