Portugaliyaning sobiq bosh vaziri Antoniu Guterrish BMT bosh kotibi lavozimiga BMT Xavfsizlik kengashidagi birinchi dastlabki ovoz berish jarayonida 12 nomzod orasidan eng ko‘p ovoz to‘pladi. Ovoz berish yopiq eshiklar ortida o‘tgan. Bu haqda AFP agentligi diplomatlarga iqtibos keltirgan holda ma'lum qildi.
Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Guterrish ortidan 2015 yilgacha BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissari bo‘lgan, Sloveniyaning sobiq prezidenti Danilo Tyurk kelmoqda.
Guterrish va Tyurkdan tashqari BMT bosh kotibi lavozimiga yana 10 kishi da'vogarlik qilmoqda, ular: YuNeSKO bosh direktori Irina Bokova (Bolgariya), BMTning Taraqqiyot dasturi ma'muri Xelen Klark (Yangi Zelandiya), Argentina tashqi ishlar vaziri Susana Malkorra, Slovakiya tashqi ishlar vaziri Miroslav Laychak va Chernogoriya tashqi ishlar vaziri Igor Lukshich, Makedoniya, Moldaviya, Serbiya va Xorvatiyaning sobiq tashqi ishlar vazirlari Srjan Kerim, Natalya German, Vuk Yeremich i Vesna Pusich hamda 6 iyungacha BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik konvensiyasi ijrochi kotibi bo‘lgan kosta-rikalik Kristiana Figeres.
Keyingi ovoz berish yaqin kunlarda o‘tkazilishi mumkin. Jarayon nomzodlardan biri Kengashning barcha 15 a'zosining qo‘llab-quvvatlovini olmaguncha davom etaveradi. Shundan keyin ovoz berishning rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tadi va nomzod Bosh assambleya ma'qulloviga qo‘yiladi.
Avvalroq Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vitaliy Churkin Pan Gi Munning vorisi nomi oktabrdayoq ma'lum bo‘lishi mumkinligini aytgandi.