Rimning "Latsio" klubi 1914/15 yilgi mavsum chempioni sifatida tan olinishi mumkin.
O‘sha vaqtda chempionat doirasida rimliklar jamoasi "Jyenoa"ga qarshi "oltin uchrashuv"da maydonga tushishi kerak bo‘lgan, ammo Italiya Birinchi jahon urushiga kirgani haqida e'lon qilgach, bu uchrashuv o‘tkazilmay qolgan. Urush tugaganidan keyin Italiya futbol federatsiyasi (FIG) chempionat g‘olibligini "Jyenoa"ga berib yuborgan.
Manbaning yozishicha, rimliklar jamoasi muxlislari FIG dan bu qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘rab tayyorlangan petitsiyani taqdim qilmoqchi. Natijada, "Latsio" va "Jyenoa" 1914/15 yilgi mavsum chempionligi maqomiga birdek ega bo‘lishi mumkin.
"Bu bizning qonuniy skudettomiz. Urush bizni sovrindan ayirgan", - degan rimliklar jamoasi prezidenti Klaudio Lotito.
Xabar qilinishicha, petitsiyani 30 mingdan ortiq fanat imzolagan. Natijalar FIG tomonidan 4 avgust kuni e'lon qilinishi kutilmoqda.
"Latsio" 1973/74 va 1999/2000 yilgi mavsumlarda mamlakat chempioni bo‘lgan. "Jyenoa" hisobida 9ta sovrin bor (bahsli chempionlik bilan qo‘shib hisoblaganda).
Manba: Tribuna.uz