"Kommersant'": Suriyada Rossiya harbiy guruhining yangi qo‘mondoni etib Aleksandr Juravlyov tayinlandi

Jahon 08:15 / 22.07.2016 4240

Suriyada Rossiya harbiy guruhining yangi qo‘mondoni etib Janubiy harbiy okrug qo‘mondoni birinchi o‘rinbosari general-leytenant Aleksandr Juravlyov tayinlandi. Bu haqda  "Kommersant'" nashriga ma'lum bo‘ldi.

Bosh shtabdagi manba o‘tgan yil sentabridan Suriyadagi qo‘shinlar guruhi shtabini boshqarayotgan Juravlyovning nomzodi oliy rahbariyat tomonidan ma'qullanganini ma'lum qildi. Harbiy manbalar ma'lumotlariga ko‘ra, Juravlyov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yopiq farmoni bilan Rossiya Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan. 

Ta'kidlanishicha, qo‘mondonlik Juravlyovga Suriyadagi vaziyatning beqarorlashuvi ortida o‘tgan: Bashar Asad hukumat qo‘shinlari ancha zaiflashib qolganlar va o‘z pozitsiyalarini qiyinchilik bilan ushlab turmoqdalar, IShID jangarilari esa Palmira yaqinida faol hujumga o‘tmoqda. 

Manbalarning ma'lum qilishicha, Palmirani ushlab turish vazifasi eng muhim vazifalardan hisoblanadi va uning jangarilar tomonidan bosib olinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Qadimiy Palmira bahorda rossiyalik harbiylar ko‘magida ozod etilgandi. 

Avvalroq Rossiyaning uzoq masofalarga uchuvchi Tu-22M3 bombardimonchi samolyotlari Suriyadagi pozitsiyalarga oxirgi 10 kun ichida 3 ta zarba bergani ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: