Qariya darvozabon Aleksandr Manninger Angliyaga qaytmoqda.
Liverpool Echo ma'lumotiga ko‘ra, u bilan 1 yillik shartnoma tuziladi.
39 yoshli bu avstriyalik "qizillar" jamoasi bilan birga AQShdagi turnega yo‘l olgan, uning transferi yaqin 24 soat ichida e'lon qilinishi kutilmoqda. U "Chelsi"ga qarshi keyingi haftada bo‘lib o‘tadigan nazorat uchrashuvida ishtirok etishi mumkin.
Manningerning oxirgi jamoasi "Augsburg" bo‘lib qolmoqda, o‘tgan mavsum oxirida u shartnomasi muddati tugagani tufayli jamoani tark etdi va erkin agentga aylandi.
U Bundesliganing o‘tgan mavsumida 2 uchrashuvda jamoa darvozasini qo‘riqlab, 3 gol o‘tkazib yubordi.
O‘z vaqtida "Arsenal" jamoasi bilan APL da g‘olib bo‘lgan bu darvozabon, keyinroq Italiya chempionatida "Yuventus" bilan birga oltin medallarga ega bo‘lgandi.
U "Liverpul"ni ijara asosida tark etgan zaxira darvozabonlari Adam Bogdan va Denni Uord o‘rnini egallaydi.
Bundan oldinroq, "Liverpul" estoniyalik himoyachi Ragnar Klavanni sotib olgandi.
Manba: Tribuna.uz