Shu vaqtgacha Yevropaning 10dan ortiq jamoasi braziliyalik 19 yoshli futbolchini o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun urinib ko‘rdi. Unga Yevropadan ilk taklif tushganida hali 18 yoshda edi. Bugungi kunda e'tibor markazida bo‘lib turgan "Palmeyras" klubi hujumchisi Gabriel Jyezus uchun ilk bor "Benfika" og‘iz solgandi. Lekin portugallar o‘shanda futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan 9 million yevroni ko‘p deb hisoblashgan. Shuningdek, "Yuventus" va "Roma" ham bu futbolchiga qiziqish bildirgandi.
Futbolchining jamoasi bilan amaldagi shartnomasi 2019 yilning yoziga qadar. Uning uchun endi braziliyaliklar 35 million yevrodan ortiq mablag‘ talab qilmoqda.
2015 yilning dekabrida yosh iqtidorlarni kuzatib boruvchi "Arsenal" jamoasi vakillari ham braziliyaliklar bilan muzokara o‘tkazishdi, lekin ish transfergacha yetib bormadi.
2016 yilning aprelida futbolchiga qiziqish yangidan uyg‘ondi, bu safar birdaniga "MYu", "Bavariya", "Real", "Barselona", "PSJ", "Yuventus" va "Atletiko" kabi jamoalar nomi tilga olindi. Bu vaqtga kelib futbolchi Braziliya terma jamoasining Amerika Kubogi-2016 turnirida ishtirok etadigan tarkibiga kiritilgandi.
May oyiga kelib Jyezusni "Yuventus" qo‘lga kiritishi aniq bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. "Ko‘hna sinoralar" jamoasi bosh direktori Beppe Marotta futbolchi uchun 20 million taklif etdi. Bu mablag‘ning 30 foizi klubga, 70 foizi Jyezusning manfaatlarini himoya qiladigan agentlikka atalgandi.
Lekin tomonlar kelisha olishmadi va yozni kutishga qaror qilishdi.
Qayd etish kerakki, "Palmeyras" ushbu futbolchining transfer huquqining uchdan bir qismiga egalik qiladi, 15 foizlik huquq futbolchining o‘zida qoldirilgan, qogan qismi esa agentlar orasida taqsimlangan.
Yozning ilk kunlarida Gabriel Jyezusga "Bavariya" yana talabgor bo‘lib chiqdi. Myunxenliklar jamoasi boshqaruv kengashi raisi Karl-Xaynts Rummeniggening do‘sti hisoblanadigan agent Jovanni Brankini futbolchini kuzatish uchun Braziliyaga uchdi va transfer imkoniyatlarini o‘rgandi. 9 iyun kuni "Bavariya" jamoasi texnik direktori Mixael Reshke ham Braziliyaga shu maqsadda bordi va Gabrielning "Palmeyras" safida "Gremio" (4:3) va "Flamengo" (2:1) jamoalariga qarshi o‘yinini tomosha qildi. Bu o‘yinlarda Jyezus bittadan gol urdi.
Iyun oyining ikkinchi yarmida esa futbolchiga yanada katta jamoalar qiziqa boshladi. Zaxira hujumchisiga zarurat sezgan "Barselona"ning diqqatini aynan shu futbolchi o‘ziga qaratdi.
Shu vaqtda esa boshqalar oylar davomida kuzatib kelgan futbolchi Angliyada "shaharliklar" jamoasining nazariga tushdi. Ular bu iqtidor egasi uchun 16,7 mln funt taklif qilishdi.
Lekin ertasi kuni Gabriel "Barselona"da o‘ynash bolalikdagi orzusi bo‘lgani haqida aytib qoldi va uning uchun kurashda kataloniyaliklarning imkoniyati yaqqol oshib ketdi. "Barselona"ning taklifi 19 mln yevro va 5 mln bonus bo‘ldi.
25 iyun. Kutilganidek, bu futbolchi uchun kurashga endi "Real" qo‘shildi. Ular 24 million yevroni birato‘la to‘lashga tayyorliklarini bildirishdi.
Natijada, hujumchi "Barselona" va "Real"dan birini tanlash sinovida qoldi.
Iyul oyiga o‘tib esa, kamtargina "Inter" bu futbolchini "ilib ketish"ga urinib ko‘rdi. "Inter" futbolchini sotib olib, "Palmeyras"da qoldirishni va qishda Italiyaga olib o‘tishni taklif qildi. Futbochi ham hech qaysi jamoaga o‘tmasligi, "Palmeyras"da qolib, sovrinlar uchun kurashni davom ettirishini ma'lum qildi va qishda "Inter"ga o‘tishiga ishora qilgandek bo‘ldi. Lekin, tomonlar shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelisha olishmadi.
Shu kunlarda kurash qizigandan qizimoqda. 19 iyul kuni "Manchester Siti" bu vunderkind uchun kurashga qayta qo‘shildi va 5 yillik shartnomani ko‘zda tutuvchi 32 million yevrolik taklif jo‘natdi.
Mario Gyottseni "Borussiya"ga sotgan "Bavariya" ham unga o‘rinbosar sifatida aynan Gabriel Jyezusni ko‘rmoqda va 24 million yevro tayyorlab qo‘ygan.
Bugun "Manchester Siti"dan qolishmagan holda "Manchester Yunayted" futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga harakat boshladi va bonuslar ham va'da qilgan holda transfer uchun 35 million yevro taklif qildi.
Oxirgi xabarlarda esa Gabriel Jyezus "Real"ning taklifini qabul qilgani va dastlabki kelishuvga erishgani aytildi. Madridliklar "Palmeyras"ga 30 million yevro taklif qilgan va futbolchini mavsum oxirigacha Braziliyada qoldirishga rozi bo‘lgan.
Manba: Tribuna.uz