Amerikalik statistik Natan Yau AQShda eng ko‘p tarqalgan 50 xil oila turlari haqida ma'lumotlar to‘pladi. Ma'lum bo‘lishicha, nuklear oila (farzandlari bor juftlik) aholining yarmidan biroz ortig‘ini tashkil qilar ekan, birga yashashning qolgan turlari g‘alati konfiguratsiyani namoyon etadi. Bu haqida Flowing Data blogida ma'lum qilindi.
Yau American Community Survey’ning anonim tadqiqot ma'lumotlarini (2009-2014 yillardagi) to‘plab, uy xo‘jaligining 10 276 turini alohida ajratib chiqdi. Bularning orasidan eng ko‘p uchraydigan 50 xil oila turini olim katta sxemada taqdim etdi.
Barcha oilalar uch asosiy yo‘nalishga ajratildi – nuklear, kompozit (masalan, uy egasi va uning do‘sti) va kengaytirilgan (bir necha avlod vakillari va birga yashovchi uzoq qarindoshlar). Oila a'zolari to‘q yashil doirachalar bilan ko‘rsatilgan, qarindoshlar – och yashil, uy egasi bilan oilaviy va qarindoshchilik rishtalari bo‘lmagan kishilar esa – kulrangda.
Olimning fikricha, oilaning ko‘plab g‘alati turlari batafsil o‘rganib chiqishga loyiq. “Masalan, bir-biriga qarindosh bo‘lmagan kompozit turni olaylik. Bu bir xonadonda ijaraga turadigan uch qo‘shni bo‘lishi mumkin. Ehtimol, poliamor uchlikdir”, - deya ta'kidlaydi Yau.