AQSh Suriya prezidenti Bashar Asad oilasi bilan bog‘liq bir necha suriyalik tadbirkorlarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda AQSh moliya vazirligi saytida ma'lum qilindi.
AQSh ma'muriyati ma'lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatga kiritilganlardan ikki nafari – Aus Ali va Atiya al-Huriyning Suriya biznesining eng nufuzli shaxslaridan biri – Rami Mahluf bilan aloqalari bo‘lishi mumkin.
AQSh moliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, al-Huriy "Moneta transfer end ikscheynj" firmasi egasi bo‘lib, Suriya hukumati tomonidan vakolatli shaxs sifatida Suriya, Livan va Rossiya o‘rtasida naqd pullarni ko‘chiradi. Bu firmaning o‘zi ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.
Mahluf esa Suriyadagi eng nufuzli va badavlat alavit klanlaridan birining vakili hisoblanadi. Asad aynan shu urug‘-aymoqdan chiqqan. Asad onasining qizlik familiyasi ham Mahluf bo‘lgan. Rami Mahluf Asadning yaqin qarindoshi hisoblanadi.
Shuningdek, qora ro‘yxatga tushgan suriyaliklar orasida Rossiyada ishlaganlar ham bor.
Bu ro‘yxatga Suriyaning "Xesko injiniring end konstrakshn" kompaniyasining Moskvadagi vakolatxonasi rahbari Yusuf Arbash va bu vakolatxona moliya direktori Nabil Tiziniy ham kiritildi.
Bundan tashqari, bu sanksiyalar ro‘yxatiga Aus Ali, Saloh Habib, Iyod Mahrus hamda Xitoy fuqarosi Lan Ganshan ham kiritilgan.
Ro‘yxatga kiritilgan kompaniyalar orasida "Argus konstrakshn", "I-Key Ultra faynenshl grup" (Kipr), "Iona star interneshnl" (Suriya), "Maxrus grup" va "Maxrus treyding" (Suriya), "Moneta transfer end ikscheyndj" (Suriya) va "Ti-rabber" (Xitoy) kompaniyalari bor.
AQSh moliya vazirligi vakili Adam Shubin Vashington "kelajakda ham Asad tuzumi tomonidan qatag‘on choralarining avj olishi va xavfli qurollarning tarqatilishiga javobgar bo‘lganlarga qarshi choralar" ko‘rishini ta'kidlab o‘tdi.