Nemis dasturiy ta'minotlari ishlab chiqaruvchi Bitmanagement Software kompaniyasi AQSh harbiy dengiz kuchlarini sudga berdi. Harbiy dengizchilar, nemis mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan dasturlarni noqonuniy ko‘chirganlikda ayblanmoqda, deb xabar qilayapti The Register.
15 iyul kuni Bitmanagement Software kompaniyasi Amerika hukumati ustidan Federal da'vo sudiga ariza topshirgan. Unga muvofiq, AQSh HDK 3D-modellashtirish dasturi BS Contact Geoning yuz minglab noqonuniy nusxasini hukumat kompyuterlariga o‘rnatgan.
Bitmanagament Softwarening ta'kidlashicha, 2011 va 2012 yillarda kompaniya AQSh harbiy dengiz kuchlariga dasturning atigi 38 nusxasini taqdim etgan. Keyinroq, harbiylar 3D-to‘plamini global darajada o‘rnatmoqchi ekanini aytib, nemis ishlab chiqaruvchisidan BS Contact Geoning nusxa ko‘chirish himoyasini o‘chirishni so‘ragan.
Muzokaralar davom etib, 2013 yili harbiy dengizchilarning IT-xizmatlari (NAVFAC) yozma ravishda mazkur dasturiy ta'minotni ko‘plab kompyuterlarga (558 446 dona) o‘rnatmoqchi ekanliklarini bildirgan. Bitmanagement Software vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ularning mahsulotini noqonuniy ko‘chirish hajmi bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.
Gap shundaki, AQSh harbiy dengiz kuchlari ushbu dasturlar uchun litsenziyani sotib olmagan. Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, dasturning 558 446 marta ko‘chirilgani, uning nusxasi 1067,76 dollar turishi hisobga olinsa, umumiy zarar 596 million 308 ming dollar bo‘lishi oydinlashadi, deb ta'kidlagan kompaniya o‘z murojaatida.