Jihodchini yashirgan  jinoyatchining qilmishi fosh bo‘ldi

Jamiyat 16:38 / 21.07.2016 11866

Toshkent shahrida yashaydigan ayrim kimsalar birovlarning aldovlariga uchib Turkiya davlatining Istanbul shahrida yashashmoqda. Ular Mag‘firat (ism-shariflar o‘zgartirilgan) Imomiddin va Sabohatdir. Bu kimsalar Istanbulda yashirin ravishda faoliyat olib borayotgan “Jihodchilar” diniy ekstremistik tashkilotining a'zosidir. Ularga nisbatan Toshkent shahar IIBB TB tomonidan sirtdan ayb e'lon qilinib, qidiruv e'lon qilingan. Bu haqda ularning barcha qarindosh-urug‘lari bilishadi.

Burhoniddin qidiruvda bo‘lgan Mag‘firatning singlisi Muharramga uylangandi. Kunlarning birida turmush o‘rtog‘i unga dedi:
- Opam Mag‘firat hozir Turkiyada. “Jihod” qilish uchun Suriya davlatiga chiqib ketmoqchi. Ehtimol uning yoniga borib bu fikridan qaytararmiz. Agar opam bu yo‘ldan qaytmasa, uning Chilonzor tumanidagi 2 xonali uyini sotish huquqini qo‘lga kiritish kerak. Turkiyadan ishonchnoma rasmiylashtirib kelamiz.
Ayolining bu taklifi Burhoniddinga ham yoqib tushdi. Shuning uchun tijorat qilishga yig‘ib qo‘ygan 2.000 AQSh dollarini olib, turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda Istambulga, qaynopasi yashayotgan uyga borishdi.

Qora rangda hijob kiygan, yuzlari yupqa mato bilan yopilgan Mag‘firat va u bilan birgalikda shu hovlida yashayotgan qidiruvdagi Sabohat hamda uning turmush o‘rtog‘i Imomiddin ularga Suriya davlatiga “jihod” qilish uchun tez orada chiqib ketmoqchi ekanliklarini aytishdi.

- Mana, telefonimdagi suratlarni ko‘ring, - dedi Imomiddin Burhoniddinga. - O‘g‘lim Muhiddinali 17 yoshga kirdi. Uni Suriyaga yuborganmiz. Yelkasiga avtomat osib tushgan yigit bizning o‘g‘limiz bo‘ladi. U Suriya maydonlarida jihod harakatlarida qatnashayapti. U o‘sha yerda o‘lsa to‘g‘ri jannatga tushadi.
U yerdagilar eru xotinga hijrat, jihod va shahidlik maqomiga erishish haqida ko‘p va xo‘p ma'ruzalar qilishdi. 

- Har bir musulmon kishi islom dinini dunyoga yoyish yo‘lida boshqa musulmon diyorlariga hijrat qilishi, islom dinining dushmanlari bo‘lgan kofirlarga karshi jihod qilishi, buning uchun esa jihodiy amallar olib borilayotgan yurtlarga borib, u yerdagi mujohid birodarlarga qo‘shilish, kofirlarga qarshi jihod amallarida qatnashib shahid bo‘lish lozim, - dedi Imomiddin Burhoniddinga qarab. So‘ng yana so‘zida davom etdi: - Har bir shahid ketgan musulmon banda oxiratda jannatda bo‘ladi.
Boshqa xonada esa Mag‘firat singlisini ham jihod qilishga undardi:
- Anavi eru xotinlar bolalari bilan birgalikda O‘zbekistonda “hijrat” qilib Suriyaga chiqishni o‘z oldilariga maqsad qilib olishgan. Ular Suriyada u yerda qurilayotgan islom davlatiga borib “jihod” urushlarida qatnashishib, shahid bo‘lib, jannatga tushishmoqchi. Men ham Suriya davlatiga hijrat qilib chiqib ketmoqchiman. U yerda shahid bo‘lib jannatga tushaman. Sen ham men bilan yur, hijrat qil!

- Uzr opajon. Men hijrat qilishni istamayman. Qolaversa, turmush o‘rtog‘im ham hijrat qilishimga ruxsat bermaydi, - dedi Muharram ko‘zlarini yerga tikib.
- Unday bo‘lsa, ering bilan ajrash! Aslida senlar kofirsanlar! Agarda ering chin musulmon bo‘lganida hozirda Suriyada barcha erkaklar qatori musulmon davlatida bo‘lardi
- Opajon, iltimos, bu yo‘ldan qayting. Suriyaga bormang. Onam sizni ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutayapti. Agar sizga biron kor-hol bo‘lsa onam buni ko‘tarolmaydi. O‘lib qoladi, - deya yig‘ladi Muharram.
- Bu yo‘ldan hech qachon qaytmayman! Kerak bo‘lsa onamdan ham, tug‘ishganlarimdan ham voz kechaman! Islom davlatida shahid bo‘lsam, albatta onam bilan jannatda ko‘rishaman! - dedi mag‘rurona Mag‘firat.

Eru xotin u yerda bir haftacha yashab, ularning da'vatlarini  eshitib ortlariga, O‘zbekistonga qaytishdi. Ammo bu haqda  o‘z vaqtida qidiruvdagilar tayyorgarlik ko‘rayotganligini, o‘ta og‘ir jinoyat haqida aniq bilgan holda ichki ishlar idoralariga xabar berishmadi.
Oradan bir hafta o‘tgach, Burhoniddin va Muharramni Toshkent shahar IIBBga chaqirishib, nima maqsadda Turkiyaning Istanbul shahriga borib kelishganligini so‘rashdi.

Ular u yerda yuqoridagi da'vatlarni eshitishganligiga iqror bo‘lishdi.

Sud Burhoniddin Abdurasulovni jinoyat kodeksining 241-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, har oylik ish haqining 20 foizini davlat foydasiga undirgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Xonbibi HIMMAT qizi

Ko‘proq yangiliklar: