Olmaotalik qotilning turmush o‘rtog‘i Ayaulim Umbetqulova terrorchi bilan o‘tgan hayoti to‘g‘risida so‘zlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yaxshi turmush o‘rtoq va ota bo‘lgan, ammo qamalib chiqqanidan so‘ng hammasi o‘zgargan. Bu haqida KTK xabar berdi.
Terrorchining ayoli kuni kecha Olmaotaning Qizilo‘rda viloyatiga keltirildi va so‘roq qilindi. Huquqni muhofaza qilish organlari Ayaulim Umbetqulovani tonggi soat to‘rtgacha ushlab turishdi. Ular juftlikning qanday tanishgani, qayerda yashagani hamda erining terakt amalga oshirish niyatini sezgan yoki sezmaganligiga doir ma'lumotlarni bilib olishga harakat qilishdi.
15 iyul kuni terrorchi uni Qizilo‘rda viloyatiga o‘zining ota-onasi yoniga jo‘natdi. O‘zi esa shahardagi ishlarini tugatib,bir haftadan keyin kelishga va'da berdi.
"U menga qaynonam xastaligini va unga yordam kerakligini aytib, Boyqo‘ng‘irga borishimni so‘radi. Keyin esa boshqa shaharga ko‘chishimiz mumkinligini ma'lum qildi. U Sayranda meni avtobusga o‘tkazib yubordi, shu bilan biz ketdik", - deydi Ayaulim.
Terrorchi nima bilan shug‘ullangani to‘g‘risida turmush o‘rtog‘iga aytmagan. U faqat erining eski-tuski bozorida qo‘riqchi bo‘lib ishlashini bilgan, xolos. Politsiyachilar esa uning mobil telefonlar savdosi bilan shug‘ullanganini aytishmoqda.
Kulikbayev bir necha kunlab uyga kelmagan paytlari ham bo‘lgan. Birgalikdagi yetti yillik turmushi davomida Ayaulim erining birorta do‘stini ko‘rmagan. Ular bir necha yil davomida Olmaotaning turli tumanlarida ijaraga uy olib yashashgan. Hech bir uyda 3 oydan ko‘p turishmagan.
"U uyda yo‘qligida hattoki eshikni ochishni taqiqlagandi. Buning uchun xafa bo‘lsam, u meni shunchaki rashk qilishini aytardi, shu bois doim uyda o‘tirishimni istardi", - deydi ayol.
Navbatdagi qamoq jazosidan so‘ng Kulikbayev xotiniga hijob o‘ratmoqchi bo‘lgan. Biroq ayol buni keskin rad etgan. U erini haqiqiy din kishisi deb hisoblagan. Ayaulim yangiliklar orqali erining terakt sodir etganini bilib ishongisi kelmagan. U xali-hanuz buning yolg‘on bo‘lib chiqishiga umid qiladi.
"Men uning bunday ish qilganligiga xaligacha ishonmayman. Ehtimol, kimdir uni bunga majburlagandir", - deya taxmin qiladi ayol. Shunga qaramay, Ayaulim ajrashishga qat'iy qaror qildi. Hozir ayol hammasidan ham farzandlaridan xavotirda. Uning kichik qizi va o‘g‘li bor.
Ayaulim halok bo‘lganlarning yaqinlaridan kechirim so‘radi hamda uning oilasini, farzandlarini qarg‘amaslikni iltimos qildi.
Politsiya xodimlari Ayaulim va uning eri yashagan uyda tintuv o‘tkazib, u yerda hech bir xavfli narsa topishmadi.