Rossiya Olimpiya qo‘mitasi (ROQ) prezidenti Aleksandr Jukov aholining Rossiya 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlariga boykot e'lon qilishi zarurligi haqidagi gap-so‘zlariga izoh berdi.
Bundan avval Richard Maklaren boshchiligidagi WADA mustaqil komissiyasining Rossiya aksildoping qoidalarini buzayotganligiga doir ma'ruzasi ommaga havola etilgandi.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) rossiyalik sportchilarning 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qilganicha yo‘q. 20 iyul kuni tashkilotning matbuot kotibi Emmanuel Moro so‘nggi qarorning 7 kun ichida qabul qilinishini ma'lum qildi.
"Biz siyosiy va har qanday boshqa sohalardagi boykotlarga qarshimiz. Hozir biz Olimpiya o‘yinlariga boykot e'lon qilishimiz to‘g‘risidagi gap-so‘zlar ko‘paydi. Yo‘q. Olimpiada avval boshdanoq millatlar va odamlarni yaqinlashtirish hamda birlashtirishga yo‘naltirilgan. Men Olimpiya o‘yinlarini siyosiy bosim qo‘lidagi o‘yinchoq sifatida foydalanishiga qarshiman. Fikrimcha, boykot va shu kabi boshqa choralar uzoq o‘tmishda qolgan", - dedi Jukov "Match TV" kanalida qilgan chiqishida.
2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari 5-21 avgust kunlari Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadi.